Yevropada maymun chechagi tarqaldi
Olam
−
20 may 2022
13183Buyuk Britaniya, Portugaliya va Ispaniyada maymun chechagi infeksiyasi holatlari aniqlandi. Bu haqda Britaniyaning “The Independent” nashri yozmoqda.
Buyuk Britaniyada infeksiyaga chalinganlarning umumiy soni yetti nafarga yetgan. Portugaliya hukumati maymun chechagi kasalligiga shubha qilingan 20 ta holatga duch kelgan, ulardan beshtasi tasdiqlangan. Yuqtirganlarning barchasi Lissabon va Teju vodiysida yashovchi erkaklar bo‘lgan. Ispaniya hukumati poytaxtda qayd etilgan sakkizta potensial infeksiyani tahlil qilmoqda.
Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtimoliy epidemiyaga “tezkor, muvofiqlashtirilgan va o‘z vaqtida javob berishni kafolatlash” uchun sog‘liqni saqlash bo‘yicha ogohlantirish e’lon qilgan.
“Biz vaziyatni milliy darajada kuzatib boryapmiz va Yevropa institutlari bilan ma’lumot almashmoqdamiz”, degan Portugaliya rasmiylari.
Ta’kidlanishicha, Massachusets (AQSH) sog‘liqni saqlash departamenti 2022 yilda AQSHda maymun chechagi bilan kasallangan birinchi holat haqida xabar bergan.
“Massachusets sog‘liqni saqlash departamenti yaqinda Kanadaga tashrif buyurgan katta yoshli erkakda maymun chechagi infeksiyasining bir holatini tasdiqladi”, deyiladi departament e’lon qilgan bayonotda.
Ta’kidlanishicha, erkak shifoxonaga yotqizilgan. Hisobotda aytilishicha, ushbu infeksiya holati jamiyat uchun xavf tug‘dirmaydi. 2021 yilda virus Texas va Merilend shtatlarida Nigeriyadan qaytgan odamlarda aniqlangan.
Maymun chechagi haqida nima ma’lum?
Maymun chechagining dastlabki belgilariga isitma, bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, titroq va ozg‘inlik kiradi. Kasal bo‘lganlarda ko‘pincha yuzda boshlanib, keyin tananing boshqa qismlariga, jumladan qo‘llar, oyoqlar va jinsiy a’zolarga tarqaladigan toshma paydo bo‘lishi mumkin. Maymun chechagi hayvonlarning chaqishi, ifloslangan buyumlar yoki kasal odam bilan yaqin aloqa qilish orqali yuqishi mumkin.
Virusga qarshi dorilar yo‘q.
Infeksiyalangan odamlarning aksariyati bir necha hafta ichida tuzalib ketadi. Biroq, birinchi marta 1970 yilda kashf etilgan maymun chechagining eng halokatli shtammlari kasal bo‘lganlarning 10 foizini o‘ldirishi mumkin.
So‘nggi kunlarda AQSHda ham maymun chechagi bilan kasallanish holatlari aniqlangan. Shu munosabat bilan AQSH hukumati chechakka qarshi 13 million vaksina sotib olishga buyruq bergan.