Yevropada gaz narxi rekord darajaga ko‘tarildi
Olam
−
05 iyul 2022
13069Yevropada gaz narxi har ming kub metr uchun 1800 dollardan oshdi, bu mart oyidan beri birinchi marta rekord darajadagi o‘sishdir. Buni London ICE fond birjasi ma’lumotlari tasdiqlaydi.
Kecha, 4 iyul kungi savdolar chog‘ida Niderlandiyadagi TTF markazida avgust fyuchers shartnomasi ming kub metr uchun 1804,3 dollargacha ko‘tarildi. Umuman olganda, kun davomida o‘sish 13 foizni tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun, mart oyi boshida gaz narxi Rossiya energetika resurslari importiga taqiq qo‘yilishi ehtimoli sabab to‘rt kun ketma-ket tarixiy eng yuqori darajaga yetdi. Rekord 7 mart kuni o‘rnatildi – 3892 dollar, o‘sha kundagi taxminiy narx ming kub metr uchun 2560,7 dollarni tashkil etdi.
Ammo keyin kotirovkalar barqaror pasayish bosqichiga o‘tdi va 6 iyun kuni uch oy ichida birinchi marta gaz narxi ming kub metr uchun 900 dollardan pastga tushdi.
Narx o‘sishi omillari
Yevropada gaz narxi Yevropa Ittifoqiga eng yirik gaz yetkazib beruvchilardan biri bo‘lgan Norvegiyada neft va gaz sanoati xodimlarining 5 iyul kuni ish tashlashi rejalashtirilgani haqidagi xabarlar fonida ko‘tarilmoqda. 3 iyul kuni Norvegiya neft assotsiatsiyasi mamlakatdagi bir qator dengiz konlari ish tashlash tufayli yopilishini, buning natijasida gaz qazib olish sutkasiga 292 ming barrel neft ekvivalentiga yoki umumiy ishlab chiqarishning 13 foiziga qisqarishini e’lon qildi.
Bundan tashqari, gaz narxiga boshqa bir qator omillar ham ta’sir o‘tkazyapti. Xususan, Amerikaning Freeport LNG kompaniyasi iyun oyidagi yong‘in va portlashdan so‘ng yirik gaz terminali ishini faqat oktyabr oyi boshida qisman tiklashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Freeport LNG korxonalarining quvvati yiliga 15 million tonna LNG deb baholanadi. Bu AQSH eksportining taxminan 16 foizini tashkil qiladi.
Shuningdek, “Gazprom” Germaniyaga “Shimoliy oqim” quvuri orqali gaz yetkazib berishni turbina ta’miridan qaytish kechikishi sababli qisqartirishi kerakligini e’lon qilganidan keyin boshlandi. Hozirda turbina Kanadadagi “Siemens” kompaniyasining ta’mirlash ustaxonasida. Ottava sanksiyalari tufayli kompaniya uni Rossiyaga qaytara olmaydi.
15 iyun kuni “Gazprom” Portovaya kompressor stansiyasida yana bir gaz turbinali dvigatelni ishdan chiqarishga majbur bo‘lganini e’lon qildi. Natijada Yevropaga gaz yetkazib berish umumiy hisobda 60 foizga kamaydi.