Yevropa uchligi Eronga tahdid qildi
Olam
−
13 avgust 7064 2 daqiqa
Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga xat yozib, agar Tehron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmasa, Eronga qarshi sanksiyalarni tiklashga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda bugun, 13 avgust kuni “Financial Times” nashri xabar berdi.
Maktubni Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful, Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barrot va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi imzoladi. Vazirlar, agar Eron muzokaralarga qaytishdan bosh tortsa, “tezkor” sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Ular, shuningdek, Tehronga avgust oyi oxirida avtomatik ravishda sanksiyalarni qayta joriy qilmaslik uchun muhlat berishni taklif qildi.
“Agar Eron 2025 yil avgust oyi oxirigacha diplomatik yechimga erishmoqchi bo‘lmasa yoki uzaytirish variantidan foydalanmasa, E3 mamlakatlari orqaga qaytarish mexanizmini faollashtirishga tayyorligini aniq aytdik”, deyiladi maktubda.
E3 iyul oyida Eronga sanksiyalarni qaytarish bilan tahdid qilgan edi. Shundan so‘ng Tehron Isroil va AQSH zarbalaridan so‘ng Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni to‘xtatganini e’lon qildi. Keyinroq Eron Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Ular iyul oyining oxirida Turkiyada bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda E3 davlatlari Eronga agar Tehron AQSH bilan muzokaralar va MAGATE bilan hamkorlikni sentyabrgacha davom ettirishga rozi bo‘lsa, sanksiyalar qo‘llashni kechiktirishlari mumkinligini aytdi.
G‘arb diplomatiga ko‘ra, muzokaralar “qiyin” bo‘lgan. Endi E3 ularning taklifi “Eron tomonidan javobsiz qolganini” e’lon qildi.
Turkiyadagi muzokaralardan so‘ng Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Yevropa davlatlarining sanksiyalarni qayta qo‘llash uchun “hech qanday qonuniy va ma’naviy asosga ega emasligini” aytdi va Eron bu jarayonni davom ettirsa, yevropaliklarni bo‘lajak yadroviy muzokaralardan chetlashtirishi haqida ogohlantirdi.
“Hozir yevropaliklar bilan muzokara qilishdan ma’no yo‘q, chunki ular sanksiyalarni bekor qila olmaydi, hech narsa qila olmaydi. Agar eski choralarga qaytsa, bu ularning oxiri degani bo‘ladi”, deydi Aroqchi.
Ammo Tehron Tramp ma’muriyati bilan muzokaralar uchun ochiqligini aytdi. Biroq Isroil hujumidan keyin Eronning pozitsiyasi qattiqlashdi. Aroqchining ta’kidlashicha, Eron AQSHdan bo‘lajak muzokaralarda hujumga uchramasligiga kafolat berishini va “ishonchni mustahkamlash choralari”ni, shu jumladan AQSHning Eronga urush oqibatida yetkazgan zararni qoplashga rozi bo‘lishini istaydi.
Live
Barchasi