Yevropa snaryad ishlab chiqarishni 30 foizga oshirdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi 2023 yilda o‘q-dorilar ishlab chiqarishni 30 foizga oshirdi va yiliga 1 million snaryad ishlab chiqarishga yaqin turibdi, ammo bu Ukrainaga bunday hajmdagi snaryadlarni yetkazib berishga kafolat bermaydi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Ichki bozor bo‘yicha komissari Terri Breton YeI Mudofaa vazirlari yig‘ilishiga kelganida ma’lum qildi.

“2023 yil fevral oyidan boshlab biz o‘q-dorilar ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirdik – 30 foizga, shuning uchun biz yiliga 1 million snaryad ishlab chiqarish maqsadimizga erishamiz”, deydi komissar. 

Shuningdek, Breton Ukrainaga bir yil ichida 1 million snaryad yetkazib berish va’dasini bajarish uchun javobgarlikni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o‘tkazgan.

"Men ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun mas’ulman. Yevrokomissiya harbiy ishlab chiqarish salohiyatini oshirishni ta’minladi, endi a’zo davlatlarning vazifasi ularni Ukrainaga yetkazib berishga yo‘naltirishdir", deydi Breton.

Uning ta’kidlashicha, Yevrokomissiya nafaqat snaryadlar, balki boshqa turdagi harbiy mahsulotlar uchun ham harbiy ishlab chiqarishni ko‘paytirish jarayonini jadal rag‘batlantiradi. 

"Bu Ukraina uchun zarur, lekin o‘zimiz uchun undan ham zarur", degan Yevropa komissari.

YeI diplomatik xizmati rahbari Jozep Borrel ham Yevropa o‘z va’dasini bajarib, 2024 yilning martigacha Ukrainaga 1 million snaryad yetkazib bera oladimi degan savolga javob berar ekan, uning “Bryusselda o‘q-dorilar ombori yo‘qligini” va hozir bu Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning vazifasi ekanini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga harbiy omborlardan 300 mingdan ortiq snaryad o‘tkazgan. Mazkur yetkazib berish allaqachon tugallangan va armiya omborlaridan bundan ko‘proq olish qiyin. Shuning uchun ham endilikda zarur miqdorda o‘q-dorilarni ishlab chiqarish va Ukrainaga jo‘natish Yevropa Ittifoqi davlatlarining vazifasi bo‘ladi.

"Endi bu ishlab chiqarish masalasi, bu sanoat va a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir masalasi. Ish davom etmoqda, ammo biz bugun qayerda ekanimizni tushunmoqchimiz. Shuni yodda tutishimiz kerakki, Yevropa harbiy sanoati juda ko‘p eksport qiladi – 40 foizgacha, ya’ni gap ishlab chiqarish quvvatlarining yetishmasligida emas, bu ustuvorliklar masalasidir, balki ishlab chiqarishni birinchi o‘ringa – Ukrainaga yetkazib berishga yo‘naltirish kerakdir”, degan Borrel.

Boshqa xaridorlar tomonidan allaqachon shartnoma tuzgan o‘q-dorilar hajmini Kiyevga qanday qilib aniq yo‘naltirmoqchi ekanligi haqidagi savolga javoban esa Borrel sanoat bozor sharoitida ishlashini, Kiyev uchun snaryadlarni oshirilgan narxlarda sotib olish haqida gapirgan.

Ma’lumot uchun, oktyabr oyi oxirida NATO Harbiy qo‘mitasi rahbari Rob Bauer "snaryadlar narxining qabul qilib bo‘lmaydigan o‘sishini" e’lon qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa bozorida 155 mm snaryadning narxi Ukrainadagi mojarodan oldin 2 ming yevro bo‘lsa hozir u €8 mingdan oshdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari sanoatga yangi harbiy shartnomalar taqdim etish orqali “narxlarni oshirish emas, ishlab chiqarishni kengaytirish”ga intilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina snaryad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing