Yevropa saksiyalarga qaramay Rossiyaga rekord darajada foyda keltiryapti
Olam
−
20 may 2022
19306Gaz narxining keskin oshishi fonida Rossiya joriy yilda Yevropaga gaz yetkazib berish orqali rekord darajadagi 100 milliard dollar daromad olishi mumkin. Bu haqda Citi tahlilchilariga tayanib, kuzatuvchi Vinsent Kolen “Les Echos” gazetasidagi maqolada ma’lum qilgan.
Kolenga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi a’zolari “sanksiyalar, baland ovozdagi bayonotlar va embargo bo‘yicha va’dalariga” qaramay, har kuni “Gazprom”ga 200 million dollar jo‘natadi.
“Narxlarning oshishi tufayli Rossiya bu yil Yevropaga yetkazib beriladigan gaz uchun 100 milliard dollar olishi kerak, bu o‘tgan yilgi narxlardan deyarli ikki baravar ko‘p. Va bu neft, ko‘mir va boshqa xomashyolardan olingan daromadlarni hisobga olmagan holda", deyiladi maqolada.
Kuzatuvchining fikricha, Rossiya “energiya jangi”ning birinchi bosqichida g‘alaba qozondi, chunki Yevropa Ittifoqi gazni biroz kamroq sotib olishni boshlagan taqdirda ham narxlarning sakrashi yetkazib berish kamayganini sezdirmaydi.
“Embargo bilan tahdid qilish, lekin hech qanday chora ko‘rmaslik bilan yevropaliklar tuzoqqa tushib qolishdi va Vladimir Putin ( Rossiya Prezidenti – tahr.) bu vaziyatda ustunlikni qo‘lga kiritmoqda”, deyiladi maqolada.
“Les Echos” kuzatuvchisi, shuningdek, “Gazprom”ning maksimal darajadagi foydalari “Shimoliy oqim 2” gaz quvuri harajatlarini to‘liq qoplaganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.
Joriy yilning 31 mart kuni Putin "do‘st bo‘lmagan" davlatlarga gazni rublda sotish tartibini tasdiqladi.
Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzmagan holda rus gazi uchun rublda to‘lov qilishga ruxsat berildi.
Joriy yilning 27 aprel kuni Rossiyaning "Gazprom" kompaniyasi Polsha va Bolgariyaga to‘lovni rublda amalga oshirmagani uchun gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi.
LiveBarchasi