Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatdi
Olam
−
25 fevral 2025 2623 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Kengashi Bashar Asad rejimi qulagandan keyin “Yevropa Ittifoqining Suriyada inklyuziv siyosiy o‘tishni qo‘llab-quvvatlash va uning tez iqtisodiy tiklanishi, qayta qurish va barqarorlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlari” doirasida Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishga qaror qildi. Bu haqda kecha, 24 fevral kuni uning rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda so‘z boradi.
Imtiyozlar energetika va transport sohalari bilan bog‘liq moliyaviy va bank operatsiyalariga, shuningdek, “gumanitar maqsadlar va rekonstruksiya qilish uchun zarur bo‘lganlarga” ta’sir qiladi. Besh tashkilot ham sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashlanadi: to‘rtta bank va Suriya havo yo‘llari aviakompaniyasi.
Bundan tashqari, Suriyaga hashamatli tovarlarni eksport qilishni taqiqlashdan istisno joriy etiladi.
“Bugungi qarorga muvofiq, Kengash o‘z faoliyatini davom ettiradi va keyingi iqtisodiy sanksiyalarni to‘xtatib turish imkoniyatlarini baholaydi. Shuningdek, u bunday to‘xtatib turishlar o‘rinli bo‘lishini ta’minlash uchun mamlakatdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi”, deyiladi xabarda.
AFP xabar berishicha, Suriya tashqi ishlar vazirligi rahbari Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni yumshatish qarorini olqishlagan.
2025 yil yanvar oyi oxirida Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Suriyaga qarshi sanksiyalar rejimining kelajakda yumshatilishini izohlar ekan, Damashqdagi yangi hokimiyat “noto‘g‘ri qadamlar qo‘ysa”, Yevropa Ittifoqi tomonidan cheklovlar yangilanishi mumkinligini ta’kidlagandi. Shu bilan birga, u Damashqdagi Yevropa Ittifoqi vakolatxonasi ishining qayta tiklanishi mumkinligini e’lon qildi.
O‘shanda DPA axborot agentligining yozishicha, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni yumshatish orqali Suriyaning yangi rasmiylariga demokratiyani barpo etish uchun imtiyozlar bermoqchi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi buning natijasida suriyalik qochqinlarning bir qismi o‘z vatanlariga qaytishiga umid qilmoqda.
Live
Barchasi