Yevropa Falastinga moliyaviy yordamni ko‘paytirmoqchi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Falastin ma’muriyatiga 1,6 milliard yevro (1,8 milliard dollar) miqdoridagi uch yillik moliyaviy yordamni oshiradi. Bu haqda O‘rtayer dengizi mintaqasi bo‘yicha Yevropa komissari Dubravka Suika “Reuters” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Suikaning aytishicha, moliyaviy yordam tanqidchilari tomonidan korrupsiya va yomon boshqaruvda ayblangan Falastin ma’muriyatining islohotlari uchun yo‘naltiriladi.

“Biz ularning o‘zlarini isloh qilishlarini istaymiz, chunki islohotsiz ular nafaqat biz uchun, balki Isroil uchun ham suhbatdosh bo‘lish uchun yetarlicha kuchli va ishonchli bo‘la olmaydi”, dedi Suika.

Komissarning bayonoti bugun, 14 aprel kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari va Falastinning yuqori martabali amaldorlari, jumladan, Bosh vazir Muhammad Mustafo o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan birinchi “yuqori darajadagi siyosiy muloqot” oldidan chiqdi.

YeI falastinliklar uchun eng katta donor bo‘lishga hamda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush tugaganidan keyin G‘arbiy Sohilni boshqarayotgan Falastin ma’muriyati ham bir kun kelib G‘azo uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishiga umid qilmoqda. Biroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati hozirgacha G‘azoni Falastin ma’muriyatiga topshirish g‘oyasini va YeIning kengroq maqsadi – ikki davlat yechimi, jumladan, Falastin davlatini barpo etishni rad etdi.

Suikaning ta’kidlashicha, 620 million yevro Falastin ma’muriyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va isloh qilish uchun, 576 million yevro G‘arbiy Sohil va G‘azoning “chidamliligi va tiklanishi” uchun va 400 million yevro Yevropa investitsiya bankidan kredit sifatida, uning boshqaruv organi roziligi bilan beriladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 12 yil ichida Yevropa Ittifoqining Falastin ma’muriyatiga o‘rtacha yordami taxminan 400 million yevroni tashkil etgan.

“Biz hozirda Falastin ma’muriyatiga ishonchli tarzda sarmoya kiritmoqdamiz”, dedi Suika.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Misrga ikki kunlik tashrifidan so‘ng “France 5” telekanaliga bergan intervyusida iyun oyida o‘zi hamraislik qiladigan ikki davlat yechimi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida Fransiya Falastin davlatini tan olishi mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Falastin Dubravka Suika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing