Yevropa davlatlari Ukrainaga qurol berishga 486 mln dollar ajratmoqchi
Olam
−
05 avgust 2108 2 daqiqa
Norvegiya, Shvetsiya va Daniya hukumati Ukrainaga AQSHdan qurol xarid qilish uchun 486 million dollar ajratmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu davlatlar NATO tomonidan muvofiqlashtirilayotgan AQSH tashabbusi doirasida Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish xarajatlarini qoplashga kelishgan. Umumiy hisobda ular 5 milliard Norvegiya kroni (taxminan 486 million dollar) miqdorida mablag‘ ajratadi.
Shvetsiya Mudofaa vaziri Pol Yonson ham bugun, 5 avgust kuni matbuot anjumani o‘tkazib, aynan shu masalaga to‘xtalgan.
Uning aytishicha, Shvetsiya ushbu tashabbus doirasida 275 million dollar ajratishi rejalashtirilgan.
“Ushbu tashabbus NATO tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Shvetsiyaning yordami Ukrainaning o‘zini himoya qilish salohiyatini mustahkamlash uchun zudlik bilan taqdim etiladi. Qurol-yarog‘ yetkazib berish kelasi oydayoq boshlanadi. Bu Ukrainaning mudofaa qobiliyati uchun juda muhim, shuningdek, transatlantik hamkorlikni mustahkamlashda strategik ahamiyatga ega”, degan vazir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning fevralidan beri Shvetsiya Ukrainaga jami 92,8 milliard krona (9,58 milliard dollar) miqdorida yordam ajratgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Shimoliy Atlantika alyansi NATOning Yevropadagi a’zolari mablag‘lari hisobidan Ukrainaga harbiy yuk yetkazib berishning yangi mexanizmi ustida ishlayotgani haqida xabar berilgandi. Mexanizmga ko‘ra, Ukraina taxminan 500 million dollarlik paketlar doirasida zarur bo‘lgan qurol turlariga ustuvor ahamiyat beradi. O‘z navbatida, NATO ittifoqchilari bunday qurollarni kim taqdim etishi yoki ular uchun pul to‘lashi haqida o‘zaro qaror qabul qiladi.
Live
Barchasi