Yevrokomissiya rahbari Kiyevga bordi
Olam
−
09 may 2023
4764Bugun, 9 may kuni Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Kiyevga bordi. Bu haqda u o‘zining Twitter'dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Yevropa Ittifoqi uchun muhim qadriyatlar har kuni himoya qilinadigan Kiyevga qaytib kelganimdan xursandman. Shuning uchun ham bu yer Yevropa kunini nishonlash uchun juda to‘g‘ri keladigan joy. Men Prezident Zelenskiyning 9 mayni Ukrainada ham Yevropa kuni sifatida nishonlash qarorini olqishlayman”, deb yozgan u vagon yonida tushgan suratini joylab.
Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 8 may kuni Zelenskiy 9 mayni Yevropa kuni sifatida nishonlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alaba qozonilgan kunni esa 8 mayga ko‘chirish rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Yevrokomissiya rahbari Kiyevga 2022 yil boshidan beri beshinchi marta tashrif buyurmoqda, ammo oldingi barcha holatlarda Yevropa Ittifoqi xavfsizlik masalalarini ko‘rsatib, uning Ukrainaga kelganidan keyingina tashriflar haqida e’lon qilgan. Bu safar esa Yevrokomissiya 8 may kuni bo‘lajak tashrifni e’lon qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 9 may kuni Yevropa Ittifoqida Yevropa kuni sifatida nishonlanadi. Bu Fransiya Tashqi ishlar vaziri Robert Shumanning 1950 yil 9 mayda Yevropa ko‘mir va po‘lat hamjamiyatini yaratish to‘g‘risidagi deklaratsiyasini e’lon qilishi bilan bog‘liq. Ushbu harakat Yevropa Ittifoqining hozirgi ko‘rinishi paydo bo‘lishiga olib kelgan Yevropa integratsiyasi jarayonining boshlanishi hisoblanadi.
LiveBarchasi