Tramp Rossiyaning Kiyevga hujumi barbod bo‘lishida “ahmoq general”ni aybladi

Jamiyat

−

image

Rossiyaning Kiyevga hujumi rossiyalik generalning magistral bo‘ylab harakatlanayotgan tanklarni loyga botirib qo‘ygani sabab barbod bo‘lgani iddao qilindi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 20 oktyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida gapirdi.

Tramp Rossiya-Ukraina urushini 24 soat ichida yakunlashga bir necha bor va’da bergan edi, ammo tinchlik muzokaralari hanuzgacha sezilarli darajada ilgarilamadi. U tafsilotlarni ozgina o‘zgartirgan holda keng ko‘lamli bosqinning ilk kunlari haqida ham muntazam ravishda fikr bildirib keladi. Bu safar u Kiyevga qarab harakatlangan, ammo loyga botib qolgan Rossiya tanklarini tilga olgan. 

“Ahmoq rus generali, juda ahmoq odam. Ularda mingta tank beton magistral bo‘ylab harakatlanayotgan edi. Hech narsa ularni to‘xtata olmasdi. Urush bir kunda tugagan bo‘lardi. Ammo bu juda ahmoq general – uning kimligini mutlaqo bilmayman, hali ham tirikligiga va oramizda ekaniga shubham bor – o‘ngga, ekin maydonlari tomon burilishga, so‘ng chapga va Kiyev tomon harakatlanishga qaror qildi. U shosseda – beton magistralda, ular juda yaxshi oldinga siljiyotgan tuzukkina yo‘lda qolish o‘rniga shunday qildi. Oqibatda tanklar loyga botib qoldi”, deydi Tramp.

BBC Trampning ushbu bayonotini tekshirib ko‘rgan. Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil fevral oyida Belarus tomondan Rossiya qo‘shinlarining Kiyevga hujumiga general-polkovnik Aleksandr Chayko boshchilik qilgan. Nashrning qayd etishicha, hujumning barbod bo‘lishi uning aynan yo‘ldan burilish haqidagi muayyan qarori bilan bog‘liq bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH vositachiligida Ukraina bilan uch tomonlama tinchlik muzokaralarini kelasi oy qayta boshlashga rozi bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Muzokaralar joriy yilning 10 noyabrida yoki undan keyin Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing