Yevrokomissiya norozilik namoyishlaridan keyin fermerlarga imtiyozlar bermoqchi
Olam
−
16 mart
2686Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlarida davom etayotgan fermerlarning noroziliklari sababli ularga yangi imtiyozlarni taklif qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kichik fermer xo‘jaliklariga nisbatan ayrim nazorat choralari va jarimalarni bekor qilish taklif etilmoqda. Xususan, almashlab ekish, tuproqni muhofaza qilish va shudgorlash amaliyotiga oid ekologik qoidalarni yumshatish tavsiya etiladi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, bu imtiyozlardan asosiy maqsad Yevropa Ittifoqi fermerlari uchun ma’muriy yukni yengillashtirish va ularga muayyan ekologik sharoitlarni qondirishda ko‘proq moslashuvchanlik berishdir.
"Qishloq xo‘jaligi siyosati o‘zgaruvchan voqelikka moslashmoqda", deydi fon der Lyayen.
Yevrokomissiya takliflari hali Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan ma’qullanmagan. Tashabbus 26 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa davlatlari Qishloq xo‘jaligi vazirlarining yig‘ilishida muhokama qilinadi.
Yevropa Ittifoqida fermerlar noroziliklari
Oxirgi oylarda Yevropaning ko‘plab davlatlaridan kelgan fermerlar katta yo‘llarni to‘sib, keng ko‘lamli namoyishlar o‘tkazdi. Ushbu noroziliklar biznesga o‘n millionlab yevro zarar keltirdi.
Fermerlarning aytishicha, erkin savdo shartnomalari xorijdan kelayotgan tovarlar uchun adolatsiz raqobatga olib keladi.
Bundan tashqari, yevropalik fermerlar yoqilg‘i subsidiyalarining rejalashtirilgan qisqartirilishi, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan Yevropa Yashil bitimi doirasidagi qattiq ekologik qoidalar ularga katta yuk bo‘layotganini aytdi.
LiveBarchasi