Yoshlarimiz o‘zini tutib olishi kerak – Muftiy Suriyaga ketish orzusidagi yoshlarni noshukrlikda aybladi

Jamiyat

Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirus tarqalish bilan bog‘liq vaziyat jiddiylashishi ortidan qat’iy karantinning qaytarilgach, Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov O‘zbekiston xalqiga murojaat yo‘llagani haqida xabar bergandik.

Muftiy Usmonxon Alimov murojaatida yoshlarga va ularning ona-onalariga alohida yuzlanib, karantinni o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tdi. Xususan, karantinda vaqtni faqat ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazish kerakmasligini ta’kidladi.

“Yoshlarimiz o‘zlarini tutib olishlari, bilishlari va bugunning qadriga yetishlari kerak. Ularga tarbiya beradigan ota-onalar ham tarbiyani to‘liq, yaxshi, mukammal berishi kerak. Bugun karantin bo‘ldi uyda o‘tir deganda, darrov ijtimoiy tarmoqqa kirib, yot g‘oyalarni o‘rganib olib, unga ergashib ketishlik insofdan emas”, deya maslahat berdi Usmonxon Alimov.

U so‘zida davom etib, bugun O‘zbekistonda diniy sohaga katta e’tibor berilayotganini qo‘shimcha qildi va buning qadriga yetishga chaqirdi. Yoshlar yot g‘oyalarga aldanib, Suriyaga ketishga urinayotgani uyatli holat ekanini aytib o‘tdi.

“Yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarga kirib, yot g‘oyalarga ergashib, Suriyaga chiqaman deganlari, qo‘lga tushayotganini eshitib qolamiz, bu judayam uyat narsa. Bu judayam katta noshukrlik”, dedi Muftiy.

Qayd etish kerakki, so‘nggi vaqtlarda respublikaning turli hududlarida xalqaro terroristik tashkilotlarga aralashib qolgan va ekstremistik mazmundagi ma’ruzalarni tinglab, o‘z atrofidagilarga ham ularni tavsiya qilayotgan bir necha guruhlar qo‘lga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Usmonxon Alimov Musulmonlar idorasi

Baholaganlar

74

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing