Yoshga doir pensiya fuqarolar murojaatisiz tayinlanadigan bo‘ldi

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistonda yoshga doir pensiya “proaktiv shaklda” fuqaroning murojaatisiz tayinlanadi. Ushbu qoida aks etgan Qonun (O‘RQ-1066-son) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Qonun 19 may kuni qabul qilingan.

Qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga yoshga doir pensiya olish huquqini beradigan yoshga to‘lgan fuqarolarga ularning murojaatisiz (proaktiv shaklda) pensiya tayinlanishini hamda fuqarolarning shunday tartibda tayinlangan pensiyani rad etish huquqini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, fuqaroning yoshga doir pensiyaga bo‘lgan huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlarga asosan aniqlanadi.

Agar fuqaro uning murojaatisiz (proaktiv shaklda) tayinlangan pensiya miqdoridan norozi bo‘lsa yoki mehnat faoliyatini davom ettirish va keyinchalik yoshga doir pensiyaga chiqish istagini bildirsa, u tayinlangan yoshga doir pensiyani rad etish huquqiga ega. 

Bunda fuqaro xabarnomani olgan kundan e’tiboran 10 kun ichida Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza bilan yoxud davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali so‘rovnoma to‘ldirgan holda murojaat qilishi kerak.

Pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza va so‘rovnoma 10 kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi. 

Pensiyani fuqaroning murojaatini talab etmagan holda (proaktiv shaklda) tayinlash to‘g‘risidagi masala fuqaro pensiya yoshiga to‘lgan kunning o‘zida ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

pensiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing