Yerosti boyliklarimizning salohiyati 3 trln dollarga baholanmoqda – Mirziyoyev
Jamiyat
−
10 iyun 2025 4125 5 daqiqa
Hozirgi qiyin sharoitda O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Yalpi ichki mahsulot sakkiz yilda 2 barobar ko‘paydi. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkichni 200 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘z ochdi.
“O‘tgan yili investitsiya hajmi 35 milliard dollarga, eksportimiz 27 milliard dollarga yetgani – to‘rt yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining ham amaliy natijasidir.
Yangi O‘zbekistondagi islohotlar samarasi xalqaro reytinglarda ham o‘zining munosib aksini topmoqda. “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimiz so‘nggi besh yilda 48 pog‘onaga yuqori ko‘tarildi. Garvardning “Iqtisodiyot murakkabligi indeksi”dagi o‘rnimiz 28 pog‘onaga yaxshilandi. O‘tgan oyda nufuzli “S&P” agentligi O‘zbekistonning suveren reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi”, deydi Mirziyoyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun dunyo iqtisodiyoti yangi davr va o‘zgarishlar ostonasida turganini barcha yaxshi tushunadi. Bu esa barqaror rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlatlarni quyidagi to‘rtta yo‘nalishda hamkorlikda ishlashga undamoqda.
Birinchidan, “yashil” iqtisodiyot modeliga o‘tish.
O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash uchun aynan “yashil” energetikani rivojlantirishga qattiq bel bog‘lagan. O‘tgan qisqa davrda bu sohaga qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 milliarddan 82 milliard kilovatt-soatga yetdi. Keyingi besh yilda bu ko‘rsatkich 120 milliard kilovatt-soatdan oshib, “yashil” energiya ulushi 54 foizga yetadi.
Shuningdek, elektr tarmoqlarini yangilashga ham 4 milliard dollar jalb qilinadi. Bu borada joriy yilda Samarqandda, kelgusi yildan yana 8 ta hududda elektr tarmoqlarini xususiy sheriklikka beriladi.
Bundan tashqari, ilk bor “yashil” sertifikat va uglerod birliklari savdosi boshlandi. Shu yil global uglerod bozorlariga qo‘shilib, “Yashil O‘zbekiston” iqlim investitsiyalari platformasi yaratiladi.
Ikkinchidan, raqamli texnologiya va sun’iy intellekt iqtisodiyotning “drayveri”ga aylanmoqda. Mamlakatda shu yilning o‘zida IT eksporti 1 milliard dollarga yetadi. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkichni 5 karra oshirish uchun salohiyat ham, imkoniyat ham yetarli. Bu ishlar xalqaro darajada e’tirof etilib, Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda O‘zbekiston bir yilda 17 pog‘onaga ko‘tarildi.
Kelgusi yil “Bulutli texnologiyalar” milliy platformasi ishga tushadi. Yaqin besh yilda xususiy investorlar bilan birga quvvati 500 megavattdan ziyod 20 ta “data markaz” barpo etiladi.
Shuningdek, boy tarix, azaliy qadriyatlar hamda yangi kreativ g‘oyalarni mujassam etgan sun’iy intellektning milliy modeli ishlab chiqiladi. Bu tizim samaradorligini ta’minlash uchun “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi boshlandi.
“Ishonchim komil, sizlar bilan birgalikda O‘zbekistonni nufuzli IT va Fintech xabiga aylantiramiz”, dedi Prezident.
Uchinchidan, bugungi sharoitda moliyaviy tizim va texnologiyalar keskin o‘zgarmoqda.
Yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan birga O‘zbekiston moliya sektori ilk bor kompleks baholashdan o‘tkazilgan. Ular bank, moliya, sug‘urta, kapital bozoridagi islohotlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Bu sohalarni keyingi rivojlanish bosqichiga olib chiqish maqsadida O‘zbekistonda Moliyaviy barqarorlik kengashi tashkil etiladi, Markaziy bankda kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalari ishga tushiriladi.
“Sug‘urta tizimida ham katta islohotlarni boshladik. Milliy qayta sug‘urtalash kompaniyasi va Global qayta sug‘urtalash raqamli platformasi tashkil etildi.
Startaplar uchun muqobil moliyaviy instrument – venchurlar bizda tez rivojlanib boryapti. Misol uchun, o‘tgan yili 2 ta startap kompaniyamizning qiymati ilk bor 1 milliard dollardan oshdi. Bunday kompaniyalarni albatta ko‘paytiramiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, shu bois “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kelgusi besh yilda venchur va boshqa muqobil sarmoyalar hajmini 1 milliard dollarga olib chiqiladi.
Yana bir yo‘nalish. “To‘rtinchi sanoat inqilobi” “texnologik minerallar”ga talabni bir necha karra ko‘paytirmoqda.
“O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasi aniqlangan. Umuman, yer osti boyliklarimizning salohiyati 3 trillion dollarga baholanmoqda”, dedi Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, mintaqning minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish “xabi”ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki” bunyod etilmoqda.
“Shu o‘rinda bir tashabbusni ilgari surmoqchiman: bu sohada geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab, tayyor mahsulot zanjirini yo‘lga qo‘ygan investorlarga o‘n yil davomida renta solig‘i qaytarib beriladi.
Ishonchim komil, sizlar bilan uzoq muddatli samarali aloqalarimiz aytib o‘tilgan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli biznes hamkorlikka aylanadi”, dedi Prezident.
Ma’lumot uchun, bugungi forumda 7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan salkam 3 ming nafar xorijiy mehmon ishtirok etmoqda. Ular orasida Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog‘iston Bosh vaziri O‘ljas Bektenov, Qirg‘iziston Hukumati raisi Adilbek Qosimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Yangi rivojlanish banki prezidenti Dilma Rusef, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, arab davlatlari hamda Yevropa, Osiyo va Afrika mintaqalaridan kelgan nufuzli delegatsiyalar ham bor.
Live
Barchasi