Yerni xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun senatorlar muhokamasidan o‘tdi

Jamiyat

image

Avvalroq, xabar berganimizdek, bugun, 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tyapti.

Senatorlar majlisda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqib, uni ma’qulladilar.

44 moddadan iborat ushbu qonunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishga doir munosabatlarning barcha muhim jihatlari qamrab olingan.

Qonunda yer uchastkalarini xususiylashtirish tamoyillari, ob’ektlari, sub’ektlari, shakllari hamda ushbu yo‘nalishdagi asosiy tushunchalar o‘z ifodasini topgan.

Ushbu qonun bo‘yicha so‘zga chiqqan senator B.Tojiyev mazkur hujjatning asosiy tushunchalariga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, unda xususiylashtiriladigan yerlar va ularda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining birligi, ochiqlik va shaffoflik xususiylashtirishning asosiy tamoyillari sifatida belgilangan bo‘lsa, yuridik va jismoniy shaxslarga mulk huquqi asosida berilgan yerlar, bo‘sh yer uchastkalari hamda Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasiga berilgan yerlar xususiylashtirish ob’ektlari etib qayd etilgan.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish sub’ektlari sifatida faqatgina O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar belgilanganini alohida qayd etildi.

Qonunning ayni shu jihati o‘zida milliy manfaatlarni ifoda etgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida shuni ham aytib o‘tish kerakki, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan hamma yerlar ham xususiylashtirilavermaydi. Qonunda bu borada aniq norma belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

er xususiylashtirish

Baholaganlar

65

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing