“Yerevandan izoh kutamiz”. Rossiya Armanistonga norozilik notasi yubordi
Olam
−
17 avgust 2022
13382Rossiyaning Armanistondagi elchixonasi Yerevandagi “Surmalu” savdo markazi portlashiga Rossiya tuzilmalarining aloqadorligi haqidagi ayblovlar tufayli mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi. Bu haqda elchixona Matbuot xizmati xabar bergan.
“Mahalliy axborot maydonida Rossiya tuzilmalarini shu yilning 14 avgustidagi “Surmalu” savdo markazi hududidagi fojiaga aloqadorlikda yolg‘on ayblovlar bilan tarqalayotgan bema’ni ma’lumotlardan g‘azabdamiz.
Biz bu harakatlarni Rossiya-Armaniston ittifoqchilik munosabatlariga putur yetkazishga qaratilgan ig‘volar ortida turgan siyosiy kuchlarning bevosita provokatsiyasi deb bilamiz”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Rossiya tomoni Armaniston hukumatidan bunday noxush harakatlarni bostirishga qaratilgan qadamlar, jumladan, zarur jamoatchilik izohlarini kutmoqda.
“Rossiya Rus-arman gumanitar yordam markazi vakili sifatida fojia oqibatlarini bartaraf etish ishlariga ilk daqiqalardanoq jalb etilganini ta’kidlaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 avgust kuni Armaniston poytaxti Yerevandagi “Surmalu” savdo markazining pirotexnika omborida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 16 kishi vafot etdi. Qurbonlar orasida yosh bola va homilador ayol ham bor.
Bundan tashqari, 61 nafar jabrlanuvchi Yerevan tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan bo‘lib, ulardan 13 nafari davolanishda qolmoqda, 48 nafariga yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Shundan so‘ng, Armanistonda “Surmalu” savdo markazidagi fojia munosabati bilan 17-18 avgust kunlari ikki kunlik motam e’lon qilindi.
LiveBarchasi