Yerdan o‘ldirilgan qardoshlaringizning qoni qichqirmoqda, eshityapsizmi? – Emina Erdo‘g‘an
Olam
−
16 noyabr 2023
5721Yerdan o‘ldirilgan odamlarning qoni ovozi chiqyapti, eshityapsizmi? Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an kecha, 15 noyabr kuni Istanbulda o‘tgan “Falastin uchun yagona yurak” birinchi xonimlar sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.
“Qilmishlaringiz bilan dunyoda yaxshilikka, go‘zallikka va to‘g‘rilikka doir nima mavjud bo‘lsa, hammasiga zarar beryapsiz. Yerdan o‘ldirilgan qardoshlaringizning qoni qichqirmoqda, eshityapsizmi?” deydi Emina Erdo‘g‘an.
Emina Erdo‘g‘an bu gaplarni Isroilga qarata aytdimi yoki musulmon dunyosiga, ma’lum emas. U bunga aniqlik kiritmadi.
Turkiya birinchi xonimining qat’iylik bilan urg‘ulashicha, hech qanday ilohiy ahd, qonuniy siyosiy mafkura zulmni o‘z ichiga olmaydi. Yer yuzida qatliomlar, bosqinlar, o‘g‘riliklar, e’tiqodlarning amal qilishiga to‘sqinlik qiluvchilarni qanday oxirat kutayotganini tarix son-sanoqsiz misollar bilan ko‘rsatib turibdi.
“Tarixning vijdoni hech qachon zolim tarafida bo‘lmagan. Bugun bu zulmga qo‘l urganlar bilsinlarki, ularning nomlari hasad va shuhratparastligi tufayli ukasini o‘ldirgan Qobil, bolalarni o‘ldirgan Namrud va yuzlab yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni o‘ldirgan Fir’avn bilan bir qatorda esda qoladi. Yaqin o‘tmishda yahudiylarni yo‘q qilmoqchi bo‘lgan shafqatsizlik bilan bir qatorda yodga olinasiz”, deydi Emina Erdo‘g‘an.
U, 13 yoshli yahudiy qiz Anna Frank Ikkinchi jahon urushi davrida boshidan kechirgan zulmlarini kundaliklarida tasvirlagan so‘zlarni bugun G‘azoda uyi vayron qilingan va janubga qochishga majbur bo‘lgan Bisan Ovdaning videolarida eshitganini aytdi.
“Qiziq, isroillik vazir G‘azoga atom bombasini tashlashni variantlardan biri deb hisoblayotganda sukut saqlab o‘tirganlar, Xirosimaning qizi Sadako bilan Falastin bolalari o‘rtasida qanday farqni ko‘ryaptilar? Kechagina "Bolalarni kichik o‘qlar bilan o‘ldirishadi, to‘g‘rimi ona?" deb onasidan so‘ragan bosniyalik bolani qutqara olmaslikning alamini ko‘targan global vijdon, bugun g‘azolik bolalar ustiga yog‘ayotgan raketalarni to‘xtatish uchun yana nimani kutmoqda?” deydi Turkiya rahbarining rafiqasi.
Uning qayd etishicha, yerning usti jahannamga, osti esa bolalar qabristoniga aylanganda, bu yerda va’da qilingan kelajakning amalga oshishi mumkin emas.
“Bunday vayronagarchilik asosida qurilgan tartibda kim o‘zini xavfsiz his qilishi mumkin?” deydi birinchi xonim.
Emina Erdo‘g‘an Isroil va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosiga quyidagi so‘zlar bilan murojaat qildi:
“Bu yerdan men Isroil davlati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining (Xavfsizlik kengashi – tahr.) besh doimiy a’zosi, dunyoda tinchlik va tartibni o‘rnatish uchun mas’ul bo‘lgan besh davlatdan so‘ramoqchiman: bu vahshiylikni to‘xtatish uchun qanday muhim o‘lim ostonasini kutyapsiz?
Vijdoni kar bo‘lib jim turgan xalqaro hamjamiyatdan so‘ramoqchiman: bu 40 kunlik sharmandalik davridan keyin siz qay yuz bilan dunyodagi tinchlik va adolatni, insoniyatning umuminsoniy qadriyatlarini himoya qilasiz?
“Charlie Hebdo”da halok bo‘lganlar huquqlarini himoya qilish uchun saf tortgan va o‘sha foto ramkada katta zavq bilan ko‘rinish bergan dunyo yetakchilarining G‘azoning begunoh xalqiga nisbatan sukutidan qanday ma’no olishimiz kerak?
Inson huquqlari deklaratsiyasida va ko‘plab xalqaro shartnomalarda huquqlari himoyalangan inson ta’rifiga faqat G‘arb tomonidan belgilangan chegaralar doirasidagilar kiradimi?”
Emina Erdo‘g‘an sammitga yig‘ilgan birinchi xonimlarning Isroilning G‘azodagi qilmishlariga nisbatan munosabatini ifoda etarkan, shunday dedi:
“Biz bir hayotni boshqasidan ajratib turadigan, o‘ziga tegishli bo‘lmagan hammani va hamma narsani qadrsizlantiradigan bu zulmatga hech qachon taslim bo‘lmaymiz. Biz odamlarni rahm-shafqat bilan qamrab oladigan hamda tili, dini, irqi va rangidan qat’i nazar, ularni tabiatan qadrli deb biladigan global tushunchani himoya qilamiz. Biz begunoh insonlarni, qochqinlarni, ayollar va bolalarni, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni qayerdan kelganiga qarab baholaydigan kamsituvchi mentalitetga abadiy qarshi turamiz”.
Eslatib o‘tamiz, Istanbulda bo‘lib o‘tgan sammitda Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning onasi Shayxa Moza bint Nosir, Senegal Prezidenti Maki Saning rafiqasi Mariyeme Faye Sall, Malayziya qirolichasi Tunku Aziza Aminah Maymunah Iskandariya, O‘zbekiston Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva, Kongo Respublikasi Prezidentining rafiqasi Antuanetta Sassu-Ngesso, Bangladesh Prezidentining rafiqasi Rebeka Sultona, Bosniya i Gersegovina Prezidentlik kengashining xorvat a’zosi Jelko Komshichning rafiqasi Sabina Komshich, Livan Bosh vazirining rafiqasi May Mikati, Shotlandiya mintaqaviy bosh vaziri Hamza Yusufning rafiqasi Nadiya Al-Nakla, Liviya Bosh vaziri Abdulhamid Dibeybening rafiqasi Omina Ali Muhammad Al-Shavush Al-Dilaviy, Falastin maxsus vakili Ferial Kamel Abdalrahmon Salim, Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vaziri Abdulla bin Zoid an-Nahyonning rafiqasi Shayxa Alyazia bint Saif Al Nahayon, Misr rejalashtirish va iqtisodiy rivojlanish vaziri Hala Alsaid va turkmanistonlik diplomat Chinor Rustamova ishtirok etdi.
LiveBarchasi