Yordamsiz Kiyev – vayrona Kiyev
Tahlil
−
20:15 2780 7 daqiqa
Ukraina Rossiyaning jig‘iga uzoq tegdi. Bir qarasangiz neft bazalariga, bir qarasangiz savdo tarmoqlari omboriga, yana bir qarasangiz hech qanday strategik ob’ekt yo‘q plyajlarga hujum qildi. Shunday payt ham bo‘ldiki, odamlar “bo‘ldi, Rossiyaning kuchi qolmadi”, degan xulosaga kelib qoldi.
Ammo, Moskva javob qaytardi. Qaytarganda ham hammasini bitta qilib qaytardi. 20 avgust kuni Kiyevga qilingan hujumlar oqibatida o‘nlab insonlar halok bo‘ldi, yuzlab kishi turli darajada jarohatlandi, yana ko‘plab insonlar uy-joyidan, bor-budidan ayrildi. Absurd botqog‘iga botgan urush hanuz odamlarning yostig‘ini quritmoqda.
Hujum
So‘nggi oylarda Ukraina falon yerga hujum qildi, falon joyni portlatdi degan xabarlarni ko‘p aytdik. Ammo Rossiya ham jim turgani yo‘q. Har kuni front chizig‘ida harbiy harakatlar davom etmoqda, dron hujumlari ham to‘xtagani yo‘q. Urush boshlanganidan beri bir kun ham yo‘qki, Ukraina hududida o‘q ovozi tingan bo‘lsa.
Kiyev aholisi 20 avgust kunini ham yana portlashlar, havo hujumi sirenalari va vayronalar orasida qarshi oldi. Bu gal Rossiya maydalashib o‘tirmadi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ballistik raketalar uchirdi. Asosiy mo‘ljal esa – Kiyev.
Dastlabki ma’lumotlarda qurbonlar soni 12 kishi ekani aytilgan bo‘lsa, keyinchalik “Reuters” Ukraina rasmiylariga tayanib, Kiyev va uning atrofidagi hududlarda jami 13 kishi halok bo‘lganini, 40 dan ortiq odam jarohatlanganini xabar qildi.
Hujum 19 avgustdan 20 avgustga o‘tar kechasi boshlangan. Ko‘plab raketalar tutib qolingan bo‘lsa-da, o‘ndan ortiq raketa himoya tizimidan o‘tib ketgan va portlagan. Poytaxtning Solomyanskiy tumanida to‘qqiz qavatli turar joy binosining yuqori qavatlari vayron bo‘lgan. Aynan shu hududda dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 7 kishi halok bo‘lgan. Binoda yong‘in chiqqan, ayrim odamlar vayronalar ostida qolgan.
Hujum faqat turar joylar bilan cheklanmagan. Kiyevda maktab, bolalar shifoxonasi, sanoat ob’ekti, omborxonalar va boshqa infratuzilma binolari zarar ko‘rgan. Bolalar shifoxonasining oynalari singan, yaqin atrofdagi avtomobillar yonib ketgan. Shaharning ayrim qismlarida elektr ta’minoti ham uzilgan. Dastlab qariyb 90 ming xonadon elektrsiz qolgan.
Poytaxt meri Vitaliy Klichko o‘z Telegram kanalida e’lon qilishicha, Kiyevning 3 ta tumani: Svyatoshinskiy, Solomyanskiy va Darnitskiy qattiq zarar ko‘rgan. Bundan tashqari, u 21 avgust kuni Kiyevda motam kuni deb e’lon qilinganini ma’lum qildi.
“Ertangi kun, 21 avgust, Kiyevda Motam kuni deb e’lon qilindi. Dushmanning poytaxtga qilgan ommaviy hujumi qurbonlari xotirasi uchun. Bu kuni shaharning barcha munitsipal (kommunal) binolarida bayroqlar tushiriladi. Shuningdek, poytaxtdagi davlat va xususiy mulk shaklidagi binolarda ham davlat bayroqlarini tushirish tavsiya etiladi. 21 avgust kuni Kiyevda har qanday ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish taqiqlanadi”, deb yozadi u.
Rossiya ham voqeani tasdiqlab, hujumlar quruqlikdan, havodan va dengizdan yuqori aniqlikdagi qurollar, shuningdek, uzoq masofali uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida amalga oshirilganini ma’lum qildi. Ammo zarba tinch aholi yashovchi hududlarga yo‘naltirilganini rad etib, nishonlar harbiy sanoat ob’ektlari, transport va logistika markazi va omborlari bo‘lganini ta’kidladi.
“Kiyev shahrida quyidagilarga zarba berildi: uzoq va o‘rta masofaga uchadigan uchuvchisiz uchish apparatlari uchun komponentlar ishlab chiqaradigan Fire Point MCHJ sanoat korxonasi, shuningdek, Flamingo qanotli raketalarida ishlatiladigan kuchaytirgichlarni yig‘ish va saqlash”, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligining 20 avgustdagi bayonotida.
Shuningdek, Mudofaa vazirligining bayonotida “Antonov” davlat korxonasiga zarba berilgani yozilgan. Vazirlikning ma’lum qilishicha, ushbu aviatsiya sanoati korxonasi turli hujumkor dronlar, jumladan, uzoq masofaga uchuvchi An-196 “Lutiy” samolyot turidagi uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqargan.
Qisqa qilib aytganda, har ikki tomonning o‘z haqiqati bor. Ammo rahbarlik kursisida o‘tirganlarning haqiqati deb tinch aholining bunday halok bo‘lishi hech qanday qadriyatga to‘g‘ri kelmaydi.
Zelenskiy Patriot so‘ramoqda
20 avgust kuni Rossiyaning hujumlari shuni ko‘rsatdiki, Ukrainaning himoya salohiyati ittifoqchilarining beradigan ko‘magiga bog‘liq. “Guardian” nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya o‘nlab ballistik, qanotli va gipertovushli raketalar hamda 168 ta drondan foydalangan. Ukraina 46 ta qanotli raketaning 41 tasini va 145 ta dronni urib tushirgan, biroq yuqori tezlikdagi ballistik raketalardan birortasini tutib qola olmagan. Xo‘sh, nega?
Chunki Ukrainaga AQSH tomonidan taqdim etib kelingan Patriot tizimlarining allaqachon oxiri ko‘rinib qolgan. Ularsiz Kiyev Rossiyaning bunday keng ko‘lamli zarbalariga qarshi tura olmaydi.
“Bizga Patriot tizimi uchun raketalar kerak, bu faqat bizning hamkorlarimiz ta’minlay oladigan narsa. Barcha darajalarda biz ularga o‘z ehtiyojimizni ham, hamkorlarimiz bu ehtiyojni qondira olishini bilishimizni ham aniq ko‘rsatmoqdamiz. Biz sovg‘alar haqida gapirmayapmiz, gap Ukrainaning qurol sotib olishga tayyorligi haqida ketmoqda”, dedi Zelenskiy.
Patriot tizimi Rossiyaning Iskander-M, Kinjal va boshqa yuqori tezlikdagi raketalariga qarshi Ukrainaning eng muhim mudofaa vositalaridan biri. Boshqa tizimlar dronlar va qanotli raketalarga qarshi samarali ishlashi mumkin, ammo ballistik raketalarni urib tushirish uchun PAC-3 kabi maxsus tutib qoluvchi raketalar zarur. Shuning uchun Patriot ishga yaroqli radarlarga ega bo‘lsa ham, tutib qoluvchi snaryadlar tugaganidan keyin uning jangovor imkoniyati keskin pasayadi.
Zelenskiy esa buni bir necha bor ittifoqchilariga eslatib kelmoqda. 13 iyul kuni u qish uchun oyiga 100 tadan, jami 300 tagacha Patriot raketasi kerakligini aytgan edi.
“Biz hisoblab chiqdik: bu paket oyiga 100 ta Patriot raketasini – qish uchun 300 ta raketani o‘z ichiga olishi kerak. Agar bizda qish uchun yetarli himoya bo‘lsa, Rossiyaning urushni qishgacha cho‘zish uchun ancha kam sabablari bo‘ladi”, degan Zelenskiy.
Ammo muammo shundaki, bu raketalarni zavodlarda shunchaki bir kunda ishlab chiqarib, ertaga Ukrainaga yuborishning imkoni yo‘q. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilda ittifoqchilar Ukrainaga yetkazgan havo mudofaasi raketalarining miqdori 2025 yilning bor-yo‘g‘i uchdan bir qismiga teng bo‘lgan. Bunga AQSH va ittifoqchilarning o‘z zaxiralari qisqarishi, Yaqin Sharqdagi urush va Patriot raketalariga global talabning keskin oshishi sabab bo‘lmoqda.
Demakki, gap faqat siyosiy istakning yo‘qligida ham emas. AQSHning o‘zida Patriot raketalari zaxirasi kamaygan. Vashington bir vaqtning o‘zida Ukraina, Yevropa, Yaqin Sharq va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik talablarini hisobga olishi kerak. 3 avgust kuni AQSH Patriot va THAAD snaryadlari uchun komponentlar ishlab chiqarishni kengaytirishga 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratilganini e’lon qildi. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, yangi kelishuv Patriot ishlab chiqarishini uch baravargacha oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish liniyasini tezda kengaytirish ham oson emas. Patriot PAC-3 murakkab yo‘naltirish, dvigatel, sensor va elektronika tizimlariga ega. Hatto Ukraina o‘z hududida ularni ishlab chiqarish huquqini olsa ham, yangi raketalar darhol paydo bo‘lmaydi. “Reuters” nashrining yozishicha, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kamida bir yil talab qilishi mumkin. Xullas, qo‘pol qilib aytganda, bugun Ukraina “Bersang yeyman, bermasang o‘laman”, degan ahvolda.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya so‘nggi kunlarda Ukraina bo‘ylab hujumlarni keskin kuchaytirgan. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, prezident o‘tgan bir hafta ichida mamlakatning o‘ndan ortiq hududi nishonga olinganini bildirgan. Shu davrda Rossiya Ukrainaga 1550 dan ortiq hujumkor dron, 1560 ta boshqariladigan aviabomba va 62 ta raketa uchirgan.
Moskvaning bunday tinimsiz hujumlari tabiiyki har qanday qurol ta’minotchisini holdan toydirib qo‘yadi, agar ta’minotchining o‘ziga ham qurol kerak bo‘lsa, holat ikki karra yomonlashadi. AQSHning o‘z urushi, o‘z muammolari bor, NATO esa Trampdan keyin o‘z arsenalini to‘ldirishga qiynalmoqda. Bunday davrda Ukrainaga yordam berish hech kimga oson emas.
Ammo bu bilan Rossiyada ahvol zo‘r, Putin xohlagancha urushni davom ettiradi demoqchi emasmiz. Kreml ham harbiy omborining ahvolini yaxshi biladi. To‘rt yildan oshiqroq davom etib kelayotgan urush Moskva uchun ham og‘ir o‘tdi va shunday davom etmoqda. Qora kunlarga g‘amlangan “o‘yinchoqlar” ham oxirlab qoldi. Bugun Rossiya qurollarni zavoddan to‘g‘ri frontga tashimoqda, butun mamlakat urush ortidan yashamoqda.
Qisqa qilib aytganda, frontning ikki tomonida ham vaziyat tang ahvolda, ammo hech kim “men yutqazdim” yoki hech bo‘lmasa “bo‘ldi, yetadi, charchadik” degan so‘zni aytishga jur’at topa olmayapti. Na Zelenskiy, na Putin urushni qanday yakunlash bo‘yicha biror g‘oyaga ega. Ko‘ramiz, bu g‘alvadan dunyo qachon va qanday qutular ekan.
Live
Barchasi