Rossiya Kiyevdagi maktabni bombaladi (video)
Olam
−
16:43 301 1 daqiqa
Bugun, 1 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Ukrainaning shaharlariga dronlar orqali hujum qildi. Kiyevda dronlardan biri maktab binosiga urilgan bo‘lsa, Odessada biznes-markazga zarba berildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, Rossiya droni shaharning Solomenskiy tumanidagi maktab binosiga urilgan. Hujum vaqtida bolalar va o‘qituvchilar boshpanada bo‘lgan. Shu sababli ular jabrlanmagan.
Shuningdek, dronlar hujumi oqibatida Solomenskiy tumanidagi 16 qavatli turarjoy binosining birinchi qavatida yong‘in chiqqan. Bino yaqinida to‘xtab turgan avtomobillar ham yonib ketgan.
Kiyevning Obolon tumanida esa dronlar zarbasi oqibatida omborlarda yong‘in yuzaga kelgan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati hujum oqibatida bir kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.
Odessada 1 oktyabrga o‘tar kechasi biznes-markazga zarba berilgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, bir kishi jarohatlangan. Odessa shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisakning ma’lum qilishicha, Rossiya hujumi oqibatida shahardagi infratuzilmaga ham zarar yetgan. Biroq u aynan qaysi infratuzilma ob’ektlari shikastlanganiga aniqlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 sentyabr kuni ertalab Rossiyaning Bryansk viloyati Trubchevsk shahriga Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan uyushtirilgani aytilayotgan dronlar orqali hujum qilinishi oqibatida 12 kishi jarohatlangandi. Jabrlanganlar orasida politexnika texnikumining 9 nafar o‘quvchisi ham bor.
Live
Barchasi