O‘tmish va kelajak tutashgan nuqta – Xanchjoudan fotoreportaj
Sport
−
03 Oktabr 2023
4750Ayni kunlarda Xitoyning Xanchjou shahrida XIX Osiyo o‘yinlari o‘tkazilmoqda. Shu sababli hozirda dunyo sporti ixlosmandlarining e’tibori aynan mazkur shaharga qaratilgan.
Xanchjou Xitoyning qadimiy yettita poytaxtidan biri bo‘lib, 2500 yillik tarixga ega. Shahar shimoli-g‘arbiy Chjejiang provinsiyasi, Yangszi daryosi deltasining janubiy-markaziy qismida joylashgan.
Shahar hududi 10 ta tuman, 1 ta tuman darajasidagi uyezd va yana 2 ta uyezdga bo‘lingan. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 2010 yilgi statistikasiga ko‘ra, hududda jami 13,4 million nafar aholi istiqomat qiladi.
Xanchjou shahri me’morchiligi va bog‘lari bilan tanilgan bo‘lib, u Xitoyning eng chiroyli vodiylari orasida joylashgan. Shahar o‘zining xushmanzara joylari va diqqatga sazovor manzillari bilan mashhurligi sababli Xitoyning asosiy sayyohlik markazlaridan biri hisoblanadi. Chunki shaharga nafaqat qadimiy qadamjolar, balki zamonaviy, osmono‘par binolar ham o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlab turadi.
Shahar infratuzilmasi juda mukammal tuzilgan bo‘lib, yo‘llarda tirbandliklar deyarli hosil bo‘lmaydi. Aholi orasida juda keng ommalashgan transport vositasi esa velosiped va mopedlardir. Xanchjouda shuningdek, jamoat transporti juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu manzil sayohat qilish uchun dunyoning eng xavfsiz hududlaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Xanchjou jinoyatchilik darajasi pastligi va mehmondo‘st mahalliy aholisi bilan ham boshqa shaharlardan ajralib turadi. Ayniqsa, Xanchjou o‘zining choyi va ipaklari bilan taniqli.
Shahar daryolar, ko‘llar va tepaliklarni birlashtirgan hudud hisoblanadi. Aholi boy tarixi va xushmanzaraligidan kelib chiqib Xanchjouni “Yerdagi jannat” deb ataydi.
Ta’kidlash joiz, Osiyo o‘yinlari mezbonligi so‘lim go‘shani butun dunyoga yanada mashhur qildi. 1992 yilda Pekinda va 2010 yilda Guanchjouda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlaridan keyin joriy yilda Xanchjou Xitoyning uchinchi mezbon shahri bo‘ldi. 2016 yilda ham Xanchjouda G20 ning 11-sammiti bo‘lib o‘tgan edi.
LiveBarchasi