Yer yadrosida g‘ayrioddiy o‘zgarish aniqlandi

Bu qiziq

image

Olimlar Yerning tashqi yadrosidagi suyuq temir harakatida g‘ayrioddiy o‘zgarishni aniqladi. Tinch okeani ostida oqimlarning bir qismi to‘satdan yo‘nalishini o‘zgartirdi va umumiy g‘arbiy oqimga zid ravishda sharqqa qarab harakatlana boshladi. Ushbu tadqiqot ishi “Journal of Studies of Earth” jurnalida e’lon qilindi.

Yerning tashqi yadrosi suyuq temir okeanidan iborat bo‘lib, uning harakati sayyoraning magnit maydonini shakllantiradi. Bu jarayon geodinamo deb ataladi. Magnit maydoni Yerni kosmik radiatsiyadan himoya qiladi va atmosferani saqlab qolishga yordam beradi.

Ilgari tashqi yadrodagi moddalarning keng ko‘lamli harakati nisbatan barqaror va umumiy hisobda g‘arbga yo‘naltirilgan deb hisoblangan. Biroq 2010 yil atrofida olimlar Tinch okeani ostidagi oqimlarning kutilmaganda teskari tomonga burilgani belgilarini payqab qolgan.

“Tinch okeani ostidagi oqimlarning keng ko‘lamda ortga burilishi Yerning chuqur qatlamlari tabiati haqida yangi savollarni tug‘dirmoqda”, deydi Edinburg universiteti geofizigi Frederik Dal Madsen.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2010 yilgacha ushbu mintaqada kuchsiz g‘arbiy oqim kuzatilgan, ammo 2012 yildan keyin u kuchli sharqiy oqimga almashgan. Bu oqimning shiddati 2020 yilgacha kuchayib borgan, shundan so‘ng asta-sekin pasaya boshlagan. Tadqiqotchilarning urg‘u berishicha, gap qandaydir mahalliy girdob haqida ketayotgani yo‘q. Anomaliya tashqi yadro yuzasining qariyb 5 foizini qamrab olgan va yirik to‘lqinsimon tuzilishga ega bo‘lgan. Bunday hodisaning sabablari hozircha noma’lum. Biroq olimlar aynan o‘sha davrda Yerning chuqurliklarida boshqa g‘ayrioddiy jarayonlar ham qayd etilganiga e’tibor qaratmoqda. Masalan, 2010 yil atrofida sutka davomiyligining yadro harakati bilan bog‘liq bo‘lgan va har 5,8 yilda takrorlanib turadigan davriy o‘zgarishlarida uzilish yuz bergan. Bundan tashqari, Yerning ichki yadrosi harakatida ham o‘zgarish belgilari paydo bo‘lgan.

Keyinchalik, 2017 yilda sun’iy yo‘ldoshlar bir qator “geomagnit silkinishlari”ni (yadro kuzatiladigan turbulent jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan magnit maydonining keskin o‘zgarishlarini) qayd etgan. Mualliflar ushbu hodisalar o‘zaro bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonlar insoniyat uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘dirmaydi. Biroq yadro dinamikasini tushunish Yerning magnit maydonidagi o‘zgarishlarni va kosmik ob-havoni prognoz qilish uchun juda muhim sanaladi. 

“Sun’iy yo‘ldosh missiyalari Yer yadrosi ilgari o‘ylaganimizdan ko‘ra ancha o‘zgaruvchan va murakkab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda”, deydi ESA Swarm sun’iy yo‘ldoshlari loyihasi ilmiy xodimi Elizabetta Yorfida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maks Plank jamiyatining Quyosh tizimini tadqiq qilish instituti olimlari Yupiter orbitasidan keyingi hudud sayyoralar va asteroidlarning qurilish bloklari bo‘lmish planetezimallar shakllanishidagi asosiy “fabrika”lardan biri bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aniqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

tadqiqot Er yadrosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing