Yer tezroq aylanyapti: dunyoda vaqt tizimi o‘zgarishi mumkin

Bu qiziq

image

Yerning aylanish tezligi o‘zgarib borayotgani sababli jahon vaqti Yerning aylanishiga bog‘liq bo‘lmagan tizimga o‘tkazilishi mumkin. Bu haqdagi tadqiqot “Naked Science”da e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, hozirda dunyoda 1972 yildan beri muvofiqlashtirilgan universal vaqt – UTC qo‘llanib kelinadi va u atom soatlari asosida sinxronlashtiriladi. Biroq Yerning aylanish tezligi doimiy emasligi sababli atom vaqti bilan Quyosh vaqti o‘rtasida farq paydo bo‘ladi.

Ushbu tafovutni bartaraf etish uchun 1972 yildan beri 27 marta “kabisa soniyasi” qo‘shilgan. Ammo so‘nggi yillarda Yerning aylanishi tezlashgani sababli endi aksincha, bir soniyani olib tashlash ya’ni manfiy “kabisa soniyasi”ni joriy etish zarurati paydo bo‘lgan.

Olimlarni esa bu jarayonning texnologik tizimlarga ta’siri xavotirga solmoqda. Chunki hozirgacha manfiy “kabisa soniyasi” qo‘llanilmagan va ko‘plab kompyuter dasturlari vaqtga bir soniya qo‘shilishi mumkinligini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Bu kommunikatsiya va sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi tizimlarida keng ko‘lamli nosozliklarga olib kelishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, muammoni hal qilish uchun olimlar atom vaqtini Quyosh vaqtidan ajratishni taklif qilmoqda. Bunda ikki vaqt tizimi asta-sekin bir-biridan farq qilib boradi va yuzlab yillardan keyin ularni “kabisa soati” yordamida yana moslashtirish mumkin bo‘ladi.

Joriy yilning oktyabr oyida Versal shahrida Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosining bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda “kabisa soniyasi”ning kelajagi bo‘yicha qaror qabul qilinishi mumkin.

Agar taklif ma’qullansa, yangi tartib 2027 yil 20 maydan amalga kirishi kutilmoqda. Shundan so‘ng, “kabisa soniyalari”dan foydalanish to‘xtatiladi va atom vaqti Quyosh vaqtidan asta-sekin uzoqlashib boradi. Ularning farqi taxminan 1000 yil ichida bir soatga yetishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro Yer observatoriyasi (IERS) yana bir bor Yer aylanishining anomal tezlanishini qayd etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing