Yer aholisi ogohlantirildi

Olam

image

Tinch okeanida shakllanayotgan El-Nino hodisasi so‘nggi bir asrdagi eng kuchli jarayonga aylanishi mumkin. Buyuk Britaniya Meteorologiya idorasi bu hodisa 2027 yilni rekord darajadagi eng issiq yilga aylantirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Meteorologiya idorasi uzoq muddatli prognozlar bo‘limi rahbari professor Adam Skayf El-Nino signalini “misli ko‘rilmagan” deb atagan. Uning aytishicha, prognozlarda ilgari bunday kuchli El-Nino kuzatilmagan. Tinch okeanidagi dengiz yuzasi harorati hozirning o‘zida odatdagidan 2 darajadan ko‘proq yuqori bo‘lib, yil oxiriga kelib bu farq 3 darajadan oshishi mumkin.

Ayrim iqlim guruhlari esa haroratdagi farq 4 darajagacha yetishini taxmin qilmoqda. Bu holat amalga oshsa, olimlar hodisa so‘nggi 500 yoki hatto 1000 yil ichidagi eng kuchli El-Nino bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.

El-Nino odatda har 2-7 yilda bir marta yuzaga keladi. Bu jarayonda Tinch okeanidagi passat shamollari zaiflashadi yoki yo‘nalishini o‘zgartiradi, natijada iliq suv sharqqa siljiydi. Okeandan atmosferaga katta miqdorda issiqlik chiqishi esa global harorat va yog‘ingarchilik tartibiga ta’sir qiladi.

Mutaxassislar El-Nino ta’siri allaqachon sezila boshlaganini aytmoqda. Hindistonda musson yomg‘irlari odatdagidan kam bo‘layotgani, Atlantika okeanida esa dovullar faolligi pasaygani qayd etilgan. Avstraliyada qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari, Janubiy Amerika hamda AQSH janubida esa suv toshqinlari xavfi ortishi mumkin.

Buyuk Britaniyada esa kuz va qish oylarida yomg‘ir hamda bo‘ronlar kuchayishi kutilmoqda. Meteorologiya idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, El-Nino ta’sirida Janubiy yarimsharning ayrim hududlarida kuchli qurg‘oqchilik, Shimoli-G‘arbiy Yevropada esa nam va bo‘ronli ob-havo kuzatilishi mumkin.

Meteorologiya idorasi iqlimshunosi Nik Danstounning ta’kidlashicha, kuchli El-Nino davrida okeandan atmosferaga katta miqdorda issiqlik chiqadi. Shu sababli, 2027 yil 2024 yilgi eng issiq yil rekordini yangilashi ehtimoli juda yuqori.

Ma’lumot uchun, El-Nino – Tinch okeanining ekvatorial qismidagi suvlar odatdagidan isib ketishi bilan bog‘liq tabiiy iqlim hodisasi bo‘lib, u butun dunyoda harorat, yog‘ingarchilik va shamol rejimi o‘zgarishiga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yer sayyorasi misli ko‘rilmagan issiqlik davriga kirib borayotgani, kuchayib borayotgan El-Nino hodisasi esa yaqin oylardayoq yangi harorat rekordlariga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish hukumatlarni aholini himoya qilish choralarini tezlashtirishga va qazilma yoqilg‘idan foydalanishni yanada kengaytirishdan voz kechishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing