YeOIIga a’zo bo‘lish go‘sht narxi qimmatlashishiga olib keladimi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqigaga a’zo bo‘lib kirsa, go‘sht mahsulotlarining narxi oshadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi, “Adolat” SDP fraksiyasidan bo‘lgan deputat  Dilrabo Xolboyeva ma’lum qilmoqda. 

“Hozirgi karantin sharoiti mamlakat uchun oziq-ovqat xavfsizligi va mustaqilligi masalasini naqadar muhimligini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Buni ta’minlashda esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, uning importi, eksporti muhim o‘rin egallaydi. Shuning uchun YeOIIdagi O‘zbekistonning ishtirokini bu sohaga ta’sirini ham atroflicha o‘rganib chiqish lozim bo‘ladi. 

Avvalo, YeOII doirasida xizmatlar sohasida yagona transport makoni tashkil etiladi. Bu esa xalqaro tashishlar sohasida ruxsat berish tartiblarini soddalashtirish, yo‘lovchilarning yuklar va transport vositalarining erkin harakatlanishini ta’minlaydi.

Qishloq xo‘jaligida bojxona tartiblarini soddalashtirish hisobidan tadbirkor, fermerlarimiz uchun ulkan bozor eshiklari ochiladi. Ular o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilishlari natijasida, bir yilda qo‘shimcha 350 mln AQSH dollariga ortishi mumkin. Ammo, bu narsa mamlakatimizda ushbu mahsulotlar taqchilligini yuzaga keltirib, bozorlarimizda meva-sabzavot narxlarining oshishiga sabab bo‘lishi kutiladi.

Xuddi shunday holatni go‘sht mahsulotlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Hozirda mamlakatimizda chorvachilik mahsuloti eksporti Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan amalga oshiriladi. YeOIIga a’zolik esa mazkur tartibni bekor qiladi. Natijada tadbirkorlarimizni horijga go‘sht eksportiga o‘tib ketishi ichki bozorimizda narxning sezilarli oshishiga olib keladi”, deydi Parlament vakili.

Dilrabo Xolboyeva shuningdek go‘sht mahsulotlari importiga alohida to‘xtalib o‘tgan. Deputatning ta’kidlashicha, YeOIIga a’zolikdan so‘ng, go‘sht mahsulotlariga import boji qo‘llanilishi boshlanadi. 

“Uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan go‘sht mahsulotlari ham biz uchun qimmatga tusha boshlaydi. Amaldagi tartibga ko‘ra mamlakatimizga tirik hayvonlar va ularning go‘shtini boj to‘lovlarisiz olib kirayapmiz. YeOIIda esa tirik hayvonlar olib kirishga 5 foiz, go‘sht olib kirishga esa 15 foiz import boji qo‘llaniladi. A’zolikdan so‘ng uchinchi mamlakatlardan import qilayotgan tirik hayvonlarimiz narxi 5 foizga, go‘sht mahsulotlarimiz narxi 15 foizga ko‘tariladi.

YeOIIga a’zolikni yuqoridagi iqtisodiyotimizga foyda deb sanalayotgan yo‘nalishlari, keltirilayotgan raqamlar, ko‘rsatkichlar, mamlakatimizning boshqa bir tuzilma Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lsa, bir necha barobar yuqoriroq darajaga chiqishi aniq. Afsuski, dunyoning 164 mamlakatini birlashtirgan mazkur tashkilotga a’zo bo‘lib kirmagan sanoqli davlatlar qatoriga kiramiz. Shu boisdan O‘zbekiston avvalo, JSTga a’zo bo‘lishi, so‘ngra, YeOIIga a’zo bo‘lishi maqsadga mufoviq deb hisoblayman”, deydi deputat. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 aprel kuni Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorlik istiqbollarini hamda ushbu xamkorlikning mamlakat milliy manfaatlariga ta’sirini chuqur va har tomonlama o‘rganish bo‘yicha maxsus Ishchi guruhi tuzilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

go'sht EOII Adolat SDP

Baholaganlar

76

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing