Yong‘inlar AQSHda kino sanoatini yanada yomonlashtirdi – “Axios”
Olam
−
20 yanvar
4089AQSHning Los-Anjeles okrugida sodir bo‘lgan vayronkor o‘rmon yong‘inlari Gollivudda kino va televideniye sanoatining holatini yanada og‘irlashtirdi. Shahar uchun muhim iqtisodiy harakatlantiruvchi kuch hisoblangan bu soha hali ham murakkab o‘n yillik natijalarini, jumladan, pandemiya va soha xodimlarining ish tashlashlaridan keyingi oqibatlarni yengib o‘tishga urinmoqda. Bu haqda “Axios” xabar berdi.
Los-Anjelesda suratga olish ishlari uchun ruxsatnomalar beruvchi FilmLA nodavlat tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil suratga olish kunlari soni bo‘yicha ikkinchi eng yomon yil bo‘lgan. Umuman olganda, 2024 yilda sanoat hajmi so‘nggi besh yillikning (2020 yil hisobga olinmagan holda) o‘rtacha ko‘rsatkichlariga nisbatan 31 foizga kamaygan.
Qayd etilishicha, yong‘inlardan ko‘pchilik kinostudiyalar zarar ko‘rmagan bo‘lsa-da, kino ishlash baribir to‘xtatilgan. Oxirgi 10 yil ichida Gollivud tobora ko‘proq suratga olish ishlarini Janubiy Kaliforniyadan boshqa joylarga, masalan, Jorjiya, Nyu-York va Nyu-Jersi kabi shtatlarga ko‘chirmoqda. Buning asosiy sababi ushbu hududlarda soliq imtiyozlari yaxshiroq ekanida. Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, katta byudjetli loyihalar ham tobora ko‘proq AQSHdan tashqarida suratga olinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp aktyorlar Jon Voyt, Silvestr Stallone va Mel Gibsonni o‘zining Gollivuddagi maxsus vakillari lavozimiga tayinlagan edi. Ularning vazifasi so‘nggi to‘rt yil ichida biznesning katta qismini xorijiy mamlakatlarga boy bergan Gollivudni “kattaroq, yaxshiroq va kuchliroq” qilishdan iborat. Tramp, shuningdek, uning prezidentligi davrida Gollivud yana o‘zining “oltin davri”ga qaytishiga ishonch bildirgan.
LiveBarchasi