AQSHda OAV vertolyoti qulab tushdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 15 sentyabr kuni AQSHning Los-Anjeles okrugida vertolyot qulash oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Los-Anjeles yong‘in xizmati ma’lum qildi.

Vertolyot soat 19:00 ga yaqin Chatsvort hududidagi 2 ta tijoriy bino o‘rtasiga qulagan. Mazkur hudud Los-Anjeles shahri chekkasida joylashgan.

Qayd etilishicha, halok bo‘lganlardan biri voqea joyi yaqinidan o‘tib ketayotgan yo‘lovchi bo‘lgan. Bu haqda Los-Anjeles yong‘in xizmati vakili Branden Silverman halokat joyi yaqinida jurnalistlarga ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vertolyot bortida qancha odam bo‘lgani va ularning ahvoli qanday ekani dastlab aniq bo‘lmagan. Shuningdek, Silverman halokatga uchragan havo kemasi yangiliklar uchun foydalaniladigan vertolyot bo‘lgan yoki bo‘lmaganini tasdiqlashdan bosh tortgan. Biroq “NBC4 Los Angeles” telekanali boshlovchisi jonli efir vaqtida telekanal o‘z vertolyotlaridan biri bilan aloqani yo‘qotganini aytgan. Biroq u telekanal faqat yangiliklar uchun foydalaniladigan vertolyot qulaganini tasdiqlay olishini bildirgan.

Yong‘in xizmati biroz vaqt o‘tib bergan xabarida halok bo‘lganlar soni 3 nafarga yetganini ma’lum qilgan. Hodisa oqibatida kelib chiqqan yong‘in 4 ta avtomobil va 2 ta yuk konteynerini zararlagan. Halok bo‘lgan yana 2 kishi haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

Bundan tashqari, 1 kishi shifoxonaga olib ketilgan. Uning ahvoli hozircha noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Keniyaning Samburu okrugida sayyohlarni olib ketayotgan vertolyot halokatga uchrashi oqibatida 7 kishi, jumladan 5 nafar AQSH fuqarosi va Ekvador razvedka xizmati rahbari halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing