Yonayotgan Turkiya: mamlakatda o‘rmon yong‘inlari sabab yuzlab fuqarolar evakuatsiya qilindi
Olam
−
30 iyul 2140 2 daqiqa
Kecha, 29 iyul kuni Turkiyaning Mug‘la, Antaliya, Balikesir va Chanoqqal’a viloyatlarida bir vaqtning o‘zida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari sabab avtomobil yo‘llari yopildi, shifoxona, qariyalar uyi va yuzlab fuqarolar evakuatsiya qilindi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Mug‘laning Seydikemer tumanida qishloq xo‘jaligi yerlarida boshlangan yong‘in qisqa vaqt ichida o‘rmonga tarqalgan. Viloyat hokimligining ma’lumotiga ko‘ra, yong‘inni o‘chirish ishlariga 835 nafar xodim, 5 ta samolyot, 18 ta vertolyot, 93 ta maxsus yong‘in o‘chirish mashinasi va boshqa texnikalar jalb etilgan.
Yong‘in xavfi sabab 121 ta uy, 202 nafar fuqaro hamda Seydikemer davlat shifoxonasi evakuatsiya qilingan. Shifoxonadagi 45 nafar bemor Fethiyadagi tibbiyot muassasalariga ko‘chirilgan. Shuningdek, hududda elektr ta’minoti uzilgan, Seydikemer – Antaliya avtomobil yo‘li esa vaqtincha transport harakati uchun yopilgan.
Balikesirning Edremit tumanidagi Altinoluk mahallasida Antandros qadimiy shahri yaqinida boshlangan yong‘in ham aholi yashash punktlariga yaqinlashgan. Ayrim yozgi uylar ehtiyot chorasi sifatida bo‘shatilmoqda. Bundan tashqari, Ayvalik va Havran tumanlarida ham yangi yong‘inlar qayd etilgan.
Antalyaning Kumluja tumanidagi Yazir mahallasida boshlangan yong‘in kuchli shamol sababli tez tarqalgan. Oqibatda Antalya – Kumluja yo‘nalishidagi D-400 avtomobil yo‘li ikki yo‘nalishda ham yopilgan. Mahalliy hokim Bahodir Gүneshning ma’lum qilishicha, mahalladagi uylar bosqichma-bosqich evakuatsiya qilinmoqda. Aholi va sayyohlar jandarmeriya kuzatuvida xavfsiz hududlarga olib chiqilgan.
Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi Antaliyaning Kash va Aydin viloyatining Nazilli tumanidagi yong‘inlarning kuchi pasaytirilganini, biroq ularni to‘liq nazoratga olish ishlari davom etayotganini bildirgan. Vazirlikka ko‘ra, Mug‘la Seydikemer, Antaliya Kumluja hamda Balikesirning Edremit va Go‘mech tumanlaridagi yong‘inlarni o‘chirish ishlari hamon davom etmoqda.
Shuningdek, Chanoqqal’aning Ayvajik tumani va viloyat markazi yaqinidagi Sarijaeli qishlog‘ida ham o‘rmon yong‘inlari yuz bergan. Ayvajikdagi yong‘inga 5 ta vertolyot va o‘nlab maxsus texnikalar jalb etilgan bo‘lsa, Sarijaelidagi yong‘in sabab qishloqdagi xususiy qariyalar parvarish markazi ehtiyot chorasi sifatida evakuatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya va Ispaniyadagi eng kuchli yong‘inlar fonida evakuatsiya qilinganlarning umumiy soni 300 ming kishidan oshgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi