“Yelsinni Tanya va Valyasi bilan yomon ko‘raman”. Navalniy qamoqdan xat yozdi 

Olam

image

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy ekstremizm uchun 19 yillik maxsus rejimga hukm qilinganidan keyin koloniyadan o‘zining birinchi maktubini yozdi va unda Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin hamda uning atrofidagilar 1990-yillarda olib borgan siyosatni qoralab, ular mamlakatda demokratiya qurishga hissa qo‘shmaganini qoraladi. Uning xati ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilindi.

Navalniy avval ham 1990-yillarning arboblarini tez-tez tanqid qilar edi, lekin u birinchi marta ularni bunchalik keskin qoraladi hamda Yelsin va “islohotchilar”ni hozirgi tuzumning boshida turganlikda aybladi.

“To‘qsoninchi yillarning boshlarida mamlakatimizda mavjud bo‘lgan tarixiy imkoniyatni sotgan, ichgan, sovurganlardan qattiq nafratlanaman. Yelsinni “Tanya va Valyasi” bilan birga (Yelsinning qizi Tatyana Dyachenko va kuyovi Valentin Yumashev), Chubaysni va Putinni hukumatga olib kelgan boshqa sotqinlarni yomon ko‘raman. Biz negadir islohotchi deb atagan firibgarlarni yomon ko‘raman. Bugun ular o‘z manfaatlari yo‘lida intriga uyushtirishdan boshqa hech nima bilan shug‘ullanmagani kunday ravshan bo‘lib qoldi. Prezidentga o‘sha vaqtdayoq mutlaq monarx huquqini bergan va bizga demokratik deb uqtirilgan avtoritar konstitutsiya mualliflaridan nafratlanaman”, deyiladi xatda.

Shuningdek, Navalniy 1996 yilgi prezidentlik saylovlari soxtalashtirilgan, degan da’voni ilgari surgan.

“Biz 2011 yil Putin bilan emas, 1994 yil Yelsin, Chubays va barcha komsomol partiyasidagi bandalar, oligarxlar va o‘zini “demokrat” deb ko‘rsatganlar bilan Yevropa tomon emas, balki Markaziy Osiyo tomon yuz tutdik. Yevropadagi kelajagimizni “Tanya va Valya”ning Sen-Bartdagi “millionerlar oroli”da qurilgan villalariga almashdik”, deydi Navalniy.

Bundan tashqari, u Kseniya Sobchak, Aleksey Venediktov, Mixail Xodorkovskiy va uning fikricha, yo prinsipsiz ish tutadigan yoki muxolifatchilarning gaplariga qaramay, bevosita hokimiyat manfaatlarini ko‘zlab ish tutadigan bir qator boshqa shaxslarni tanqid qilgan.

Navalniyning maktubi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan. Jurnalist Aleksey Venediktov Navalniyni hanuzgacha siyosiy mahbus deb bilishini yozgan, “Novaya gazeta. Yevropa” bosh muharriri Kirill Martinov esa xatni faktik xatolar uchun qoralab, uni Navalniy yozmaganini taxmin qilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Moskva shahar sudi Vladimir viloyatidagi koloniyalardan birida firibgarlikda ayblanib, 9 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Aleksey Navalniyni ekstremistik jamiyatni tashkil etishda ham aybdor deb topib, uni 19 yilga maxsus rejimli koloniyaga hukm qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Naval'niy Boris El'tsin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing