Yelizaveta II rahbarligidan voz kechgan davlat Respublika bo‘ldi
Olam
−
30 noyabr 2021
10825Karib dengizidagi Barbados orol-davlati bugun, 30 noyabr kuni rasman Respublikaga aylandi. Oktyabr oyida saylangan mamlakat Prezidenti Sandra Meyson ham o‘z lavozimiga kirishdi, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II endi Karib dengizi davlatining rahbari emas.
Ta’kidlanishicha, Britaniya taxti vorisi, Uels shahzodasi Charlz marosim mehmoni bo‘ldi. Barbados poytaxti Brijtaundagi Milliy qahramonlar maydonida qirolichaning shtandarti tushirildi.
“Men Barbadosga sodiq bo‘lishga qasamyod qilaman, qonunga muvofiq Barbadosga Prezident sifatida halol xizmat qilaman”, degan Meyson o‘zining inauguratsion nutqida.
Shundan so‘ng Respublika Prezidentining shtandarti ko‘tarilgan. Davlat rahbarining rasmiy inauguratsiyasidan so‘ng Brijtaun markazida harbiy parad bo‘lib o‘tgan va u barcha mahalliy telekanallar, shuningdek shaharning turli hududlarida o‘rnatilgan ekranlar orqali namoyish etilgan.
Rasmiylar mamlakat fuqarolarini Respublika maqomi va Mustaqillik e’lon qilinganining 55 yilligi tantanalari chog‘ida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun ijtimoiy masofani saqlashga chaqirgan.
Joriy yilning sentyabr oyi oxirida Barbados Assambleyasi palatasi konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi, unga ko‘ra Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Karib dengizi mamlakatining rahbari bo‘lmaydi.
Oktyabr oyida parlament a’zolari 2018 yildan beri orolning general-gubernatori lavozimida ishlab kelayotgan 72 yoshli Sandra Meysonni mamlakat prezidentligiga sayladi.
Ma’lumot o‘rnida, Barbados — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo‘stlik tarkibidagi mustaqil davlat. Orol Respublika e’lon qilingandan keyin ham ittifoq tarkibida qolgan. Barbados Karib dengizining sharqiy qismida joylashgan va 287 000 dan ortiq aholiga ega. Mamlakat 1966 yil 30 noyabrda mustaqillikka erishgan.
LiveBarchasi