Yelizaveta II oila a’zolariga shahzoda Garri bilan axborot urushi boshlashga ruxsat berdi
Olam
−
14 iyun 2021
5057Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II o‘zining oila a’zolariga nabirasi shahzoda Garri va uning rafiqasi Megan Marklning haqiqatga mos kelmaydigan har qanday bayonotlarini rasmiy ravishda rad etishga ruxsat berdi. Bu haqda “The Daily Mail” Bukingem saroyidagi manbalariga asoslanib yozgan.
Qayd etilishicha, Britaniya monarxi ko‘p yillar davomida qat’iy qoidaga rioya qilgan — “hech qachon shikoyat qilma va hech narsani tushuntirma”. Bu qirol oilasiga janjallardan qochish va munosib obro‘-e’tiborni saqlashga imkon bergan.
Nashrning ta’kidlashicha, qirolicha Sasseks gersogi yangi tug‘ilgan qiziga Lilibet ismini berganidan so‘ng, o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, qirollik uyi rahbariga bu tashabbus yoqmagan va u oilasining qolgan qismiga shahzoda Garri va Megan Markl bilan axborot urushini boshlashni buyurgan.
Britaniya va Amerika ommaviy axborot vositalarida shahzoda Garri va Megan Marklning yangi tug‘ilgan qizi — Lilibetning ismi bilan bog‘liq tortishuvlar susaymayapti. Britaniyada Garri va Megan qirolichaga xabar bermasdan, qizaloq uchun Yelizaveta II ning bolalikdagi taxallusini tanlagan, deb hisoblashmoqda. AQSHda esa Sasseks gersogi bu masalada buvisi bilan maslahatlashgani da’vo qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya shahzodasi Garri va uning rafiqasi Megan Markl joriy yilning 4 iyun kuni ikkinchi marta ota-ona bo‘lishdi. Qizaloqqa Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II va shahzoda Garrining onasi — malika Diana sharafiga Lilibet Diana deya ism qo‘yilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Yelizaveta II ni tor oilaviy doirada Lilibet deya chaqirishadi.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda shahzoda Garri va uning rafiqasi Santa-Barbara shahrida yashaydi. Ularning ilk farzandi Archi 2019 yil 6 mayda dunyoga kelgan.
LiveBarchasi