“Tarixiy tashrif”. Tramp Britaniyaga bordi

Olam

image

Kecha, 16 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp xotini Melaniya Tramp bilan birgalikda Buyuk Britaniyaga ikkinchi bor davlat tashrifi bilan bordi. Bu haqda “The Sun” xabar berdi.

Prezident va birinchi xonimning Buyuk Britaniyadagi ilk to‘liq kuni London yaqinidagi Berkshir grafligidagi Vindzor qal’asida, qirol Charlz IIIning rasmiy rezidensiyalaridan birida o‘tadi.

Dasturga ko‘ra, Donald va Melaniya Tramp saroy hududida otliq harbiy xizmatchilar hamrohligida aravada sayr qiladi, qo‘shin turlari vakillari va uchta harbiy orkestr qatnashadigan marosim bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, faxriy qorovul paradi, marhuma qirolicha Yelizaveta II (1926–2022) dafn etilgan Avliyo Jorj cherkovida gulchambar qo‘yish, artilleriya salyuti va havo paradi rejalashtirilgan. 

Britaniya matbuoti bu tashrifni “tarixiy” deb atamoqda. Chunki zamonaviy tarixda hech bir xorijiy siyosatchi Buyuk Britaniyaga ikki marta davlat tashrifi bilan bormagan. Tramp ilk davlat tashrifini 2019 yilda, o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida amalga oshirgan, u paytda qirolicha Yelizaveta II uni uch kunlik dastur doirasida qabul qilgan edi.

Bu yil fevral oyida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer qirol nomidan Trampga taklifnoma topshirgan. O‘shanda tanqidchilar Starmerning bu qarorini yangi Amerika ma’muriyati bilan munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan siyosiy qadam sifatida baholagan.

Dasturga ko‘ra, 18 sentyabr kuni Tramp Starmer bilan Chekersdagi (Londondan shimoli-g‘arbda joylashgan) Bosh vazirning qishki qarorgohida uchrashuv o‘tkazadi. Uchrashuv kun tartibiga ikki tomonlama muzokaralar, biznes vakillari uchun qabul va qo‘shma matbuot anjumani kiradi. O‘sha kuni Tramp AQSHga qaytishi rejalashtirilgan.

Tashrif odatdagidek kuchaytirilgan xavfsizlik sharoitida o‘tadi. “The New York Times” nashrining yozishicha, politsiya va maxsus xizmatlarning bu safardagi operatsiyasi 2023 yilda qirol Charlz IIIning taxtga o‘tirish marosimidan buyon eng yirigi bo‘ladi. Tramp xavfsizligini ta’minlash uchun dronlar, snayperlar, otliq politsiya bo‘linmalari va Temza daryosida patrullovchi qayiqchilar jalb etiladi.

“The Daily Telegraph”ning yozishicha, amerikalik mehmon tashrifi munosabati bilan politsiya xarajatlari Trampning birinchi tashrifi paytida sarflangan 14,2 mln funt sterlingdan (19 mln dollar) oshib ketishi mumkin.

Shuningdek, Trampning tashrif kunlarida norozilik namoyishlari ham bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. “Stop Trump Coalition” (“Trampni to‘xtatish koalitsiyasi”) harakati vakillari London va Vindzorda namoyishlar tashkil qilishni rejalashtirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Donal'd Tramp Elizaveta II Melaniya Tramp Avliyo Jorj

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing