Yelizaveta II ning o‘limi Britaniyaga qanchaga tushdi?
Olam
−
20 may 2023
9552Qirolicha Yelizaveta II ning dafn marosimi va bir necha kun davom etgan motam tadbirlari byudjetga taxminan 162 million funt sterling (201 million AQSH dollari)ga tushdi. Bu haqda Buyuk Britaniya moliya vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Jon Glen ma’lum qildi.
Yelizaveta II 2022 yil 8 sentyabrda 96 yoshida vafot etgan. Uning dafn marosimi 19 sentyabrda bo‘lib o‘tgan. Milliy motam o‘n kun davom etib, bu vaqt ichida qirolichaning tobuti qo‘yilgan Vestminster saroyiga yuz minglab odamlar tashrif buyurgan.
“Qirollik oilasining boshqa a’zolariga hamdard bo‘lish uchun ko‘plab odamlar keldi. Hukumatning ustuvor vazifalari ushbu tadbirlarning muammosiz va munosib darajada o‘tishini ta’minlash edi”, dedi Glen.
Ichki ishlar vazirligi (73,68 million funt sterling - 91,36 million AQSH dollari) va Raqamli, madaniyat, media va sport vazirligi (57,420 million funt sterling - 71,2 million AQSH dollari) eng ko‘p mablag‘ sarflagan. Moliya vazirligi ular Shotlandiya hukumati (18,756 million funt sterling - 23,26 million AQSH dollari), Uels va Shimoliy Irlandiya (har biri 2,202 million funt sterling - 2,73 million AQSH dollari) xarajatlarini markaziy byudjetdan qoplaganini ma’lum qildi.
Yelizaveta II vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Charlz III Buyuk Britaniya qiroli bo‘ldi, 6 may kuni Vestminster abbatligida uning toj kiyish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga 3 mingga yaqin mehmon taklif qilindi. Marosimning xarajatlari rasman oshkor etilmagan, biroq “Euronews” intervyu bergan ekspertlarga ko‘ra, u 57 dan 113 million yevrogacha bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi