Yelizaveta II 59 yil oldin qatnashmagan marosimida yana ishtirok etolmasligi mumkin
Olam
−
06 may 2022
7495Bukingem saroyi Britaniya taxti vorisi, Uels shahzodasi Charlz kelasi hafta parlamentning yangi sessiyasi ochilishida nutq so‘zlashi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar rejalarini ishlab chiqdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Buyuk Britaniyaning 96 yoshli qirolichasi Yelizaveta II marosimda qatnasha olmasligi mumkin. Bu haqda “Times” xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, qirolichaning marosimda nutq o‘qishi ehtimoldan yiroq bo‘lib bormoqda. Qirollik oilasidagi manbalarga ko‘ra, monarx hali ham nutq so‘zlamoqchi, biroq uning ishtiroki marosim kunigacha tasdiqlanmaydi.
1953 yilda toj kiyganidan beri Yelizaveta II marosimni atigi ikki marta o‘tkazib yuborgan. 1959 va 1963 yillarda u homilador bo‘lgani uchun parlamentga kelmagan. O‘shanda nutq qirolichaning ruxsati bilan Lordlar palatasi spikeri lord-kansler tomonidan o‘qilgan.
Qirolichaning taxtdan nutq so‘zlashi rasmiyatchilik bo‘lsa-da, Britaniya monarxiyasi uchun bu katta ahamiyatga ega. Uning matni Vazirlar Mahkamasi a’zolari tomonidan yoziladi va Bosh vazir devoni tomonidan tasdiqlanadi. Qirolicha hukumat tomonidan ilgari surilgan takliflarni ma’qullamagan taqdirda ham, unga hech qanday o‘zgartirish kiritishga haqli emas.
Shuningdek, qirolicha idorasiga ko‘ra, Yelizaveta II Bukingem saroyidagi yozgi qabullarni o‘tkazib yuboradi.
So‘nggi paytlarda o‘tgan yilning oktyabr oyida omma oldiga birinchi marta hassa bilan chiqqan Yelizaveta II harakatchanlik bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. U bir nechta rasmiy tadbirlarni o‘tkazib yubordi, xususan, u birinchi marta bu yil 14 aprelda katoliklar va protestantlar tomonidan nishonlanadigan Muqaddas payshanba kuni munosabati bilan ziyofatda qatnashmadi.
LiveBarchasi