YeXHT “Vagner”ni terrorchi tashkilot deb tan oldi
Olam
−
05 iyul 2023
6074Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Parlament assambleyasi Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasini mohiyatan va niyatiga ko‘ra terrorchi deb tan oldi. Bu haqda tashkilot tomonidan qabul qilingan deklaratsiyada keltirilgan.
“YeXHT Parlament Assambleyasi “Vagner” guruhining Rossiya hukumati nomidan qilgan xatti-harakatlari tabiatan va niyatiga ko‘ra haqli ravishda terrorchilik deb ta’riflanishi mumkinligini va shuning uchun milliy hokimiyat organlari tomonidan “Vagner” guruhini terrorchi tashkilot deb belgilashni asosli deb hisoblaydi”, deyiladi deklaratsiyada.
Ushbu hujjatda ta’kidlanishicha, “Vagner” guruhining faoliyati terroristik xususiyatga ega, chunki ular siyosiy maqsadlarga erishish uchun jangovar bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qasddan zo‘ravonlik qilmoqda.
Shuningdek, deklaratsiyada tashkilot Belarusning amaldagi hukumatini “Vagner”ni qo‘llab-quvvatlagani va hududida butun Boltiqbo‘yi mintaqasiga xavf tug‘diradigan harbiy baza yaratishga ruxsat bergani uchun qoralagan.
Tashkilot o‘ziga a’zo davlatlarni xalqaro va milliy qonunchilikka muvofiq hamda xalqaro gumanitar huquqning qo‘llanilishiga zarar yetkazmagan holda Vagner guruhi va uning filiallari va vorislariga qarshi chora ko‘rishga, shu jumladan, uni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishga chaqirgan.
Rossiyani terrorchi davlat deb tan olgan birinchi xalqaro tashkilot Yevropa Kengashi parlament assambleyasi bo‘lib, 2022 yil oktyabr oyida tegishli rezolyutsiyani qabul qilgan.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hozirda Rossiya, AQSH va Ukraina a’zolari bo‘lgan mintaqadagi yagona tashkilotdir.
57 davlatdan iborat YeXHTning asosiy vazifasi nizolarning oldini olish, tinchlikni kuzatish va saylovlarni kuzatishdan iborat.
LiveBarchasi