Yekaterinburgdagi vaqtincha saqlash markazida migrantlar isyon ko‘tardi
Olam
−
14 yanvar 2021
7315Bugun, 14 yanvar kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida isyon yuz berdi. Voqeaga IIV, OMON bo‘linmasi va Rossiya Milliy gvardiyasi vakillari aralashib, tinchlik o‘rnatgan. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
IIVning Sverdlov viloyati bo‘yicha boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Valeriy Gorelix tartibsizliklar Sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan respublikalardan birining fuqarosi tashabbusi bilan yuzaga kelgan. Erkak 32 yoshda ekani ma’lum. U vaqtincha saqlash markaziga sud qarori bilan olib kelingan va migratsiya qonunchiligini buzgani uchun deportatsiyaga tayyorlanayotgan bo‘lgan.
Uning noroziligiga politsiya xodimlari unga yuborilgan “posilka”dagi “buxanka” non ichiga yashirilgan plastik idishdagi alkogolli ichimlikni aniqlab, olib qo‘ygani sabab bo‘lgan. Yarim kechasi fuqaro va uning uch nafar xonadoshi shovqin ko‘tarib, markazdagi boshqalarni ham norozilik aksiyasiga qo‘shilishga chaqirgan”, deydi Gorelix.
Tartibsizlik vaqtida ishtirokchilar mebel, eshik, elektrjihoz va kuzatuv kameralariga zarar yetkazgan. Ular shuningdek, karton qutini ham yoqib yuborishgan va kirish yo‘lini to‘sib, xonalaridan chiqishdan bosh tortishgan.
Tartibsizliklarni bostirish vaqtida IIV, gavrdiya va OMON bo‘linmasi jangchilari maxsus vositalardan ham foydalangan. Natijada ishtirokchilardan birining barmog‘i shikastlangan va shifoxonaga yotqizilgan.
Hodisa yuzasidan surishtiruv boshlangan. Yekaterinburgdagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi odatiy tartibda ishini davom ettiryapti.
URA.RU ma’lumotiga ko‘ra, tartibsizliklar vaqtincha saqlash markazi rahbariyatining migrantlar bilan yomon munosabatda bo‘lgani sababli yuzaga kelgan.
“Bizga mahbuslardek muomala qilishyapti, vaholanki qonun bo‘yicha biz erkin odamlarmiz. Navbatchiga biz bilan bunday muomala qilmasligini tushuntirdik”, degan markazda saqlanayotganlardan biri nashrga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, OMON ularni kaltaklay boshlaganda har bir xonadagi bir yo ikki odam o‘z joniga qasd qilishga uringan.
“Ural qochqinlar assotsiatsiyasi” vaziyatdan xabardor ekanini, migrantlar huquqini himoya qilish uchun mutaxassis yuborilganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi