Yekaterina Bivol millatchilik qilgani uchun jazolandi
Sport
−
29 yanvar 5633 2 daqiqa
Rossiyada bokschi Dmitriy Bivolning etnik adovat qo‘zg‘atishda ayblangan sobiq rafiqasi Yekaterina Bivolga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda Sankt-Peterburg sudlarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yekaterina Bivol ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Sud qaroriga ko‘ra, u 60 soat jamoat ishlariga hukm qilingan.
Sud bayonotida qayd etilishicha, lingvistik ekspertiza natijalariga ko‘ra, Bivolning bayonotlarida millati, tili va kelib chiqishi bo‘yicha birlashgan ijtimoiy guruh – qozoqlar va qirg‘izlarga nisbatan salbiy baho mavjud bo‘lgan.
“Salbiy baho haqoratli va qo‘pol so‘zlar orqali ifodalangan. Videoda aytilgan fikrlar tabiiy (genetik) xususiyatlarga asoslanib, bir guruh odamlarning boshqasidan ustunligini ta’kidlaydi”, deyiladi sud xulosasida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Dmitriy Bivolning sobiq rafiqasini mamlakat hududiga ekstraditsiya qilish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi. 2025 yilning oktyabr oyida Qozog‘iston IIV Yekaterina Bivolga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini tasdiqlagan. Shundan so‘ng u qidiruvga berilgan edi.
Bundan tashqari, Yekaterina Bivol Qirg‘izistonda ham qidiruvda bo‘lgan. U yerda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 330-moddasi (irqiy, etnik, milliy yoki mintaqalararo adovatni (nizoni) qo‘zg‘atish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
Ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, tergovga Yekaterina Bivolning avtomobil boshqarayotgan paytda qirg‘izlar va boshqa millat vakillari haqida haqoratli so‘zlar ishlatgani aks etgan video sabab bo‘lgan.