YeIning Rossiyaga qarshi 12-sanksiya paketiga O‘zbekistondagi kompaniyalar ham kiritilmoqda

Olam

image

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel 2023 yilda hamjamiyatga a’zo 27 davlat tashqi ishlar vazirlarining 11 dekabrda bo‘lib o‘tadigan so‘nggi yig‘ilishida Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketi tasdiqlanishini kutmoqda. Bu haqda u Bryusselda ukrainalik mavqedoshi Dmitriy Kuleba bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi. 

“12-sanksiya paketi hozirda yakunlanmoqda. YeI davlatlarining doimiy vakillari tafsilotlarni muhokama qilmoqda. Umid qilamanki, u tez orada tasdiqlanadi va biz uni dekabr oyida [tasdiqlash uchun] YeI Kengashi yig‘ilishiga taqdim eta olamiz”, deydi Borrel.

Yevropa Komissiyasi tomonidan tayyorlangan Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 12-to‘plami loyihasi o‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi davlatlariga tasdiqlash uchun taqdim etilgan edi. Bryussel uni yil oxirigacha kuchga kiritishni kutmoqda. Kutilganidek, navbatdagi paketga 2024 yil 1 yanvardan boshlab Rossiya Federatsiyasidan olmos olib kirish taqiqlanadi. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, uchinchi mamlakatlarda qayta ishlangan rus olmoslarini olib kirishni taqiqlashni bosqichma-bosqich joriy etishni kutilmoqda. 

Avvalroq “Bloomberg” agentligi Yevropa Ittifoqi hujjatlariga tayanib, YeI 12-paketning bir qismi sifatida Rossiya Federatsiyasiga stanoklar va butlovchi qismlar eksportini ham taqiqlamoqchi ekanligini xabar qilgan edi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga kimyoviy moddalar, litiyli akkumulyatorlar, termostatlar, servomotorlar va uchuvchisiz havo vositasilari uchun motorlarni olib kirishni taqiqlashni taklif qilmoqda. Shuningdek, yangi cheklovlar paketi doirasida suyuq propan, bir necha turdagi quyma temir, mis va alyumin simlar, folga va quvurlarni olib kirish taqiqlanadi. 

Yevropa Ittifoqi Rossiya neftiga narxlar chegarasini joriy etish, Rossiya fuqarolariga kripto-aktivlar bilan shug‘ullanuvchi Yevropa kompaniyalarida ishlashni taqiqlash hamda biznes boshqaruvi, ishlab chiqarish va sanoat dizaynida qo‘llaniladigan dasturiy ta’minot uchun litsenziyalar berishni to‘xtatish choralarini joriy qilishni rejalashtirmoqda. Yevropa Ittifoqi Rossiya fuqarolariga tegishli yoki ular nazoratida bo‘lgan Yevropa kompaniyalaridan aktivlarini Yevropa Ittifoqidan o‘tkazish uchun ruxsat olishni talab qilmoqchi. Bularning barchasiga qo‘shimcha ravishda, Yevropa Ittifoqi tovarlarni eksport qiluvchilardan shartnomalarga ayrim turdagi mahsulotlarni Rossiyaga reeksport qilishni taqiqlovchi bandlarni kiritish ustida ishlayapti. 

“Agar takliflar ma’qullansa, u holda 12-paket doirasida 30 dan ortiq kompaniyalar, jumladan Qozog‘iston, Singapur, O‘zbekiston va Rossiyaning bir qancha injiniring kompaniyalari cheklovlarga duchor bo‘ladi”, deb yozgan “Bloomberg”.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing