Estoniya va Litva Gruziya hukumati vakillariga sanksiya kiritdi
Olam
−
03 dekabr
946Litva va Estoniya Gruziyaning 11 nafar yuqori martabali rahbarlariga, jumladan, Gruziya Ichki ishlar vaziri Vaxtang Gomelauri hamda “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi asoschisi Bidzina Ivanishviliga o‘z hududlariga kirishni taqiqladi. Bu haqda mamlakatlar Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bundan avvalroq Litva, Latviya va Estoniya Gruziya hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Ushbu cheklovlar Gruziya hukumati tomonidan Yevropa Ittifoqiga integratsiyadan bosh tortish ortidan boshlangan ommaviy noroziliklar fonida qabul qilingan.
Estoniya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, ushbu cheklovlar “Gruziyaning o‘zini o‘zi e’lon qilgan” hukumatining yuqori rahbariyatiga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida “Gruziya orzusi” partiyasining parlament saylovlarida g‘alaba qozonishi ortidan mamlakatda norozilik namoyishlari boshlangandi. Vaziyat noyabr oyining oxirida Bosh vazir Irakliy Kobaxidze Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlashni 2028 yilgacha qoldirish qarorini e’lon qilganidan so‘ng yanada keskinlashdi.
Namoyishchilarni Gruziya amaldagi Prezidenti Salome Zurabishvili ham qo‘llab-quvvatlamoqda. U shaxsan norozilik namoyishlariga chiqib, parlamentni noqonuniy deb atadi hamda vakolatlarini topshirishdan bosh tortishini e’lon qildi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr