Tbilisida Prezident mitingga chiqdi. Ular xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashdi
Olam
−
29 noyabr 2024
5851Gruziya xavfsizlik kuchlari kecha, 28 noyabr kuni kechqurun Tbilisi markazida to‘plangan namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi. Bu haqda Gruziya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
IIV maxsus vositalardan foydalanish haqida ogohlantirib, miting "yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risidagi qonun doirasidan tashqariga chiqqanini" aytdi. Namoyishchilar parlamentga tutash hududdan siqib chiqarildi. Ayrim namoyishchilar Gruziya parlamenti oldidagi maydonga qaytishga harakat qilmoqda.
Gruziya poytaxti markazida vaqti-vaqti bilan namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuzaga kelib turadi.
Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, namoyishchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari tomon turli xil narsalarni uloqtirgan, oqibatda IIVning uch nafar xodimi jarohatlangan. Ulardan ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan.
O‘z navbatida, Gruziya OAVlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va qalampir gazidan foydalanish oqibatida namoyishchilar jarohatlanganini xabar qilmoqda. "Mtavari Arkhi" nashrining xabar berishicha, “O‘zgarishlar koalitsiyasi” yetakchilaridan biri Elene Xoshtariya jarohatlangan.
"Netgazeti" xabariga ko‘ra, ularning muxbiriga qalampir gazi sepilgan. Unda, shuningdek, yetti nafar yaralangan namoyishchining suratlari chop etilgan. “Publika” nashrining yozishicha, uning xodimi Aleksandr Keshelashvili hibsga olingan va kaltaklangan, keyin esa garov evaziga qo‘yib yuborilgan va shifoxonaga yetkazilgan. TV Pirveli rahbariyati operator Niko Kokaya bilan sodir bo‘lgan voqea uchun Ichki ishlar vazirligi rahbari Vaxtang Gomelaurini javobgar deb topdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mushtlashuv chog‘ida Kokaya boshidan jarohat olgan, shuningdek, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazni yutgan.
“Ozodlik” radiosining Gruziya xizmatining xabar berishicha, maxsus kuchlar askari uning jurnalisti va operatorining yuziga urgan. Namoyishchilarning hibsga olingani haqida xabarlar bor.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 noyabr kuni Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlarida Bosh vazir Irakliy Kobaxidze Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni 2028 yilgacha to‘xtatganini e’lon qilganidan keyin stixiyali norozilik namoyishlari boshlangandi. Irakliy Koxabidzening aytishicha, mamlakat keyingi to‘rt yil davomida Yevropa Ittifoqining har qanday byudjet grantlari va kreditlaridan butunlay voz kechadi.
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining muzokaralarni to‘xtatish qarori “bir necha oy avval boshlangan konstitutsiyaviy to‘ntarishning yakuniy nuqtasi bo‘ldi”, deb atadi. U ham namoyishchilar bilan uchrashish uchun maydonga chiqdi.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel
Trenddagilar


