YeIning Markaziy Osiyoda yashirin rejalari yo‘q – YeI vakili
Olam
−
22 may 2023
4470Joriy yilning 19 may kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” Ikkinchi iqtisodiy forumi o‘z ishini yakunladi. Unda aynan shu kunlarda Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo-Xitoy” sammitida erishilgan kelishuvlarga mos keladigan shartnomalar imzolandi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Forumda ishtirok etish uchun Olmaotaga Yevropa Ittifoqidan Yevropa komissiyasining savdo va iqtisodiyot bo‘yicha vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Renno-Basso va Yevropa investitsiya banki vitse-prezidenti Tereza Chervinska boshchiligidagi vakillik delegatsiyasi kelgan. Shuningdek, unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan hukumat rahbarlari – Alixon Smoilov, Oqilbek Japarov va Qohir Rasulzoda ishtirok etgan. O‘zbekiston delegatsiyasiga esa Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Turkmaniston delegatsiyasiga Moliya va iqtisodiyot vaziri Serdar Jo‘rayev boshchilik qilgan.
Iqtisodiy forum sessiyalarida ham, uning doirasidagi turli muloqotlarda ham mamlakatlar delegatsiyalari erishilgan kelishuvlardan juda mamnun degan taassurot qoldirgan.
Moliyaviy kafolatlar, biznesni rivojlantirish, Yevropaga transport koridori
“Ushbu forum natijalari hamkorligimiz uchun ko‘plab yangi imkoniyatlar ochayotganidan juda mamnunman. Birinchidan, Yevropa Ittifoqining amaldagi moliyaviy kafolat dasturini Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun moslashtirish, ikkinchidan, Yevropa Ittifoqining yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlari bilan mintaqaning raqamli va sun’iy yo‘ldosh aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida yangi transport koridorini yaratish bo‘yicha boshlangan qo‘shma ishlar ham muhim ahamiyatga ega”, degan forumning asosiy sessiyasida so‘zga chiqqan Yevrokomissiya vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis.
Shuningdek, u Yevropa Ittifoqi allaqachon Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishbilarmonlik muhitining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirishga ko‘maklashuvchi maxsus dastur ishlab chiqishga kirishgani, bu esa o‘z navbatida, mintaqaga yangi sarmoyalarni jalb qilayotganini qayd etgan.
Aytilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari ham Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga umid qilmoqda. Forumda bu borada bir qancha qadamlar qo‘yilgan. Masalan, Qozog‘iston Yevropa Ittifoqi bilan bir nechta shartnomalarni imzolagan, bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko ma’lum qilgan.
“Biz 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan nodir metallar, yashil vodorod ishlab chiqarish va akkumulyatorlar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik memorandumini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini almashdik. Ushbu memorandumni o‘tgan yilning noyabr oyida Sharm-al-Shayxda (Misr) Bosh vazirimiz va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen imzolagandi. Endi yo‘l xaritasida Qozog‘iston, Yevrokomissiya va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qanday qadamlar qo‘yilishi aniq ko‘rsatildi”, degan Vasilenko.
Xitoy yoki Yevropa?
Olmaotadagi forumda erishilgan kelishuvlar mazmun-mohiyati Sian shahrida deyarli bir vaqtda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo–Xitoy” forumida imzolangan hujjatlar bilan hamohangdir. Olmaotadagi kabi ular o‘zaro savdoni, yashil texnologiyalar va raqamli kommunikatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyodan jahon bozorlariga tovarlar yetkazib berishning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan. Shunga qaramay, Roman Vasilenkoning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki voqea bir-biriga qarama-qarshi bo‘lishi mumkin emas.
“Agar biz haqimizda gapiradigan bo‘lsak, Ostonaning Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan hamkorligini kengaytirishi Qozog‘iston Respublikasining ko‘p vektorli, pragmatik siyosatining bir qismidir. Bu asosiy tamoyilga asoslanadi, unga ko‘ra Qozog‘iston o‘z milliy manfaatlarini himoya qiladi, targ‘ib qiladi va buni barcha hamkorlarimiz normal qabul qilishi kerak”, deydi TIV vakili.
Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari delegatsiyalari vakillari ham ularning hukumatlari ham xuddi shunday “pragmatik yondashuv”ga ega ekanini bildirgan.
Ikkinchi darajali sanksiyalar
Olmaotadagi forum doirasida asosan muhokama qilingan yana bir muhim mavzu Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 11-paketi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlariga qarshi ikkilamchi sanksiyalarni joriy etish imkoniyati bo‘lgan. Forum davomida AQSH tomonidan Rossiyaga telekommunikatsiya elektron komponentlari, sanoat avtomatlashtirish va navigatsiya uskunalarini yetkazib beruvchi Qirg‘izistonning “Tro.Ya” MCHJ xususiy kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy etilgani haqidagi ma’lumotlar ushbu mavzuning dolzarbligini ko‘rsatgan.
Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi elchisi Kestutis Yankauskas esa joriy yilning aprel oyi oxiridan boshlab Markaziy Osiyoning har bir davlati hukumatlari sanksiyalar ostidagi tovarlar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lganini aytgan.
“Biz keng ro‘yxatlarni taqdim etdik. Ularning tarkibida, birinchi navbatda, hozirda Ukrainadagi jang maydonida topilgan komponentlar mavjud. U yerdagi raketalar va dronlarda chiplar, yarim o‘tkazgichlar va ma’lum turdagi uy xo‘jaligida ham uchraydigan boshqa bir qator komponentlar qo‘llaniladi. Kir yuvish mashinasi – oq, toza, yaxshi, lekin undan odamlarning o‘limiga hissa qo‘shadigan qismlar chiqarilsa, buni qabul qilib bo‘lmaydi. Bunday ta’minotni to‘xtatish kerak”, deydi Kestutis Yankauskas.
Shuningdek, u Rossiyaga taqiqlangan mahsulotlarni yetkazib beruvchi odamlar bu biznes turi nafaqat noqonuniy, balki g‘ayriinsoniy ekaniga shubha qilmasligini bildirgan.
"Ha, balki kimdir bu bilan yaxshi pul ishlashni o‘ylayotgandir. Lekin bu xuddi odam o‘ldirganlik uchun mukofot taklif qilingani bilan bir xil. Agar bu ikkinchi darajali sanksiyalarga olib keladigan bo‘lsa, qonuniy biznes buni qilishga arziydimi? Ayniqsa, hozirda investitsiyalar, savdo aloqalarini yaxshilash, foydali shartnomalar uchun kurash davom etayotgan bir paytda”, degan yevropalik diplomat.
Yankauskasning fikricha, Yevropa Ittifoqining o‘zaro manfaatli asosda qurilgan takliflari Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘z iqtisodiyotini rivojlantirish istagida bo‘lganlar uchun eng maqbul hisoblanadi.
“Yevropa Ittifoqining bu mintaqada yashirin rejalari yo‘q. Bizning takliflarimiz hamkorlik orqali tinchlik loyihasidir. Biz yangi texnologiyalar, savdo va farovonlikni taklif qilamiz. Qo‘shnilaringiz hozircha urushda. Mana, ular aytganidek, tanlov sizniki”, deya ta’kidlaydi Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi elchisi Kestutis Yankauskas.
LiveBarchasi