YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatish lozim – Borrel
Olam
−
14 noyabr
1475Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar hamda xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Isroilning G‘azo sektorida inson huquqlari va xalqaro qonunlarni buzayotgani haqidagi da’volari yuzasidan Isroil bilan siyosiy muloqotni rasman to‘xtatishni taklif qildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Borrelning taklifi birinchi marta kecha, 13 noyabr kuni elchilarning uchrashuvi chog‘ida ko‘tarilgan. Jarayondan xabardor uch diplomatga ko‘ra, 18 noyabr kuni tashqi ishlar vazirlari Bryusselda uchrashganda rasman taqdim etiladi. Isroil bilan siyosiy muloqot 2000 yilda tuzilgan “Assotsiatsiya shartnomasi” deb ataladigan hujjat bilan tartibga solinadi. Unda boshqa narsalar qatori, tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar inson huquqlari va demokratiya tamoyillariga, shuningdek, hurmatga asoslangani belgilab qo‘yilgan.
“Siyosiy muloqotning to‘xtatilishi a’zo davlatlar o‘rtasidagi yakdillikka bog‘liq va shuning uchun Isroil-HAMAS urushi bo‘yicha keskin bo‘linishlarni hisobga olsak, reja barbod bo‘lishi deyarli aniq”, deyilgan xabarda.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlarning ko‘pchiligi salbiy fikr bildirgan. Germaniya, Avstriya, Chexiya, Vengriya, Daniya, Niderlandiya, Italiya va Gretsiya esa hayratga tushgan.
“Bu mutlaqo kutilmagan hol bo‘ldi va a’zo davlatlarning katta guruhi tomonidan darhol e’tiroz bildirildi”, degan diplomatlardan biri.
Bir necha oy oldin Ispaniya va Irlandiya Yevropa ittifoqi hamda Isroil o‘rtasidagi sheriklik bitimini diqqat bilan o‘rganishni taklif qilgandi. Bir qator diplomatlarga ko‘ra, institutsional siyosiy muloqotni to‘xtatish assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitimning o‘zini to‘xtatishni anglatmaydi. Biroq, bu davr mobaynida Isroil hukumati bilan ushbu masalalar bo‘yicha biron-bir uchrashuv tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilmagan.
Borrelning muloqotni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifi bir ovozdan ma’qullanishi dargumon, chunki Vengriya va Chexiya kabi davlatlar shu paytgacha Isroil tarafda bo‘lgan. Biroq Yevropa ittifoqi bosh diplomati taklifi a’zo davlatlar o‘rtasidagi muhokamada Isroilning G‘azodagi harakatlariga munosabat sifatida aniq siyosiy signal bo‘lishi mumkin.
Oxfam va Save the Children gumanitar tashkilotlari Isroilni AQSH ilgari surgan talablarga rioya qilmagani uchun tanqid qilgan. Ularning ikki kun avval e’lon qilingan qo‘shma hisobotiga ko‘ra, 800 ming kishi ocharchilikka yaqin sharoitda yashamoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Isroil o‘z va’dalarini G‘azodagi falastinlik tinch aholiga katta talafot yetkazgan holda buzmoqda.
Hujjatda Isroil nafaqat AQSH tomonidan qo‘yilgan gumanitar yordam ko‘rsatish shartlarini bajarmagani, balki G‘azo sektorining shimoliy qismidagi vaziyatni keskin yomonlashtirgani ham aytilgan. Oxfam va Save the Children singari 8 ta gumanitar tashkilot Isroil ushbu talablarni bajarmaganini bildirgan.
Huquq himoyachilariga ko‘ra, G‘azoda yordam yetkazib berishning to‘sib qo‘yilishi, aholi yashaydigan hududlarga aviazarbalar berish va tinch aholini himoya qilishning yo‘qligi inson huquqlarining asosiy me’yorlarini buzmoqda. Isroil bu ayblovlarni rad etib, o‘z qurolli kuchlari harakatlari xalqaro huquq normalariga mos ekanini da’vo qilib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri beshinchi tashrifi bilan Kiyevga borgani haqida xabar berilgandi. Bu tashrif uning Yevropa Ittifoqi bosh diplomati sifatidagi oxirgi tashrifi bo‘ldi. Negaki u kelasi oy Yevropa komissiyasi tuzilganidan so‘ng o‘z lavozimini tark etadi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr