Kurs UZS

USD

12 968.38

-4.93

EUR

14 343.03

14.01

RUB

152.37

1.18

YeI va MO yetakchilari Samarqandda nimalarga kelishib oldi?

Tahlil

image

Bugun, 4 aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida mintaqalar yetakchilari qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishdi. Sammit natijalari uning yakuni bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma deklaratsiyada o‘z aksini topdi. 

Hujjatda qayd etilishicha, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi rahbarlari o‘zgarib borayotgan global va mintaqaviy geosiyosiy sharoitda hamkorlikni chuqurlashtirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan holda, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qilgan. 

“YeI 2019 yilda qabul qilingan Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiya maqsadlariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. 2023 yil 23 oktyabrda Lyuksemburgda qabul qilingan “YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma yo‘l xaritasi” mazkur strategiyani amaliyotga joriy etishda foydali bo‘ldi. Biz 2022 yilda Ostona va 2023 yilda Cho‘lpon-otada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari va Yevropa Kengashi prezidenti o‘rtasidagi yuqori darajadagi uchrashuvlar, shuningdek, 2025 yil 27 mart kuni Ashxobodda o‘tkazilgan YeI – Markaziy Osiyo Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvining ushbu sammitga tayyorgarlikdagi o‘rni va ahamiyatini e’tirof etdik. Erishilgan yutuqlarni mamnuniyat bilan qabul qilib, bu boradagi sur’atni saqlab qolish muhimligini ta’kidladik”, deyiladi qo‘shma deklaratsiyada.

Shuningdek, yetakchilar tinchlik, xavfsizlik va demokratiya yo‘lida hamkorlik qilishga sodiqligini bildirgan. Barcha davlatlarning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat ko‘rsatishni, BMT Nizomi va xalqaro huquq tamoyillarga to‘liq rioya qilishni tasdiqlagan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga muvofiq, Ukrainada imkon qadar tezroq adolatli, barqaror va keng qamrovli tinchlikka erishish muhimligi ta’kidlangan. Ishtirokchi davlatlar tomonidan YXHT (Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti) tamoyillariga rioya qilinishi lozimligi urg‘ulangan.

“Barcha davlatlar o‘zaro munosabatlarda kuch ishlatish yoki kuch bilan tahdid solishdan tiyilishi, xalqaro gumanitar huquqqa amal qilishi va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishi kerakligini yana bir bor tasdiqladik”, deyiladi hujjatda.

Sammit ishtirokchilari xuddi shu kontekstda, yuqoridagi tamoyillarga, xususan barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyatini olgan.

“Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik – bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi.

Tobora murakkablashayotgan dunyoda, biz umumiy xavfsizlik tahdidlarini hal qilish yo‘lida yangi hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligimizni bildirdik. Shuningdek, ikki tomonlama, mintaqaviy va ko‘p tomonlama darajada kibertahdidlar va gibrid tahdidlar, kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy (CBRN) tahdidlar, radikallashuv va terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish, chegara xavfsizligini mustahkamlash, giyohvand moddalar va odam savdosining oldini olish borasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldik. Terrorizm va zo‘ravon ekstremizmga qarshi maxsus muloqotni boshlash hamda dezinformatsiyaga qarshi jamiyat barqarorligini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdik”, deyiladi hujjatda.

Shuningdek, sammit ishtirokchilari Afg‘onistonning xavfsiz, barqaror va farovon davlatga aylanishi, barcha fuqarolar, shu jumladan, ayollar, qizlar, etnik va diniy guruhlarga mansub shaxslar hamda ozchilik vakillarining inson huquqlari va asosiy erkinliklariga hurmat qiladigan inklyuziv hukumat va boshqaruv tizimlariga ega bo‘lishni qat’iy qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor ta’kidlagan. Afg‘oniston o‘z ichki siyosatida ham, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarida ham tinchlik tarafdori bo‘lishi va xalqaro majburiyatlarini bajarishi muhimligi aytilgan.

“Mamlakatdagi gumanitar vaziyat yuzasidan umumiy xavotir bildirar ekanmiz, Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlash zaruratini tan oldik. Xususan, Afg‘onistonda ayollar va qizlar uchun xalqaro standartlarga mos ta’limga to‘liq va teng huquqli kirish hamda ularning jamoat hayotida faol ishtirok etishini ta’minlashga chaqirdik. Shu munosabat bilan, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Yevropa Ittifoqi maxsus vakillari va elchilarining muntazam maslahatlashuvlarini davom ettirish qo‘llab-quvvatlangan.

Sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish bo‘yicha hamkorlik aloqalarimizning muhim jihati sifatida qolmoqda. Ushbu doirada, ayniqsa yuqori ustuvorlikka ega bo‘lgan mahsulotlarning re-eksportini oldini olish borasida Yevropa Ittifoqining Sanksiyalar bo‘yicha Maxsus vakili bilan hamkorlikda ishlashni davom ettirishga kelishib oldik”, deyiladi hujjatda.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo mintaqasida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida sezilarli harakatlar amalga oshirilgan. Ushbu sa’y-harakatlar qiyinchiliklarni yengib o‘tish, barqarorlikni ta’minlash, xavfsizlikni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, farovonlikka erishish, barqaror rivojlanishni ta’minlash, energetika o‘zgarishini jadallashtirish hamda uglerod chiqindilarini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlari orqali mintaqaviy hamkorlikning kuchaytirilishini olqishlagan. Yevropa Ittifoqi bu borada amalga oshirilayotgan va kelgusidagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirgan.

Yetakchilar 2025 yil 13 mart kuni Bishkek shahrida Qirg‘iz Respublikasi hamda Tojikiston Respublikasi o‘rtasida imzolangan Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomani olqishlab kutib oldi. Ushbu hujjat mintaqaviy tinchlik va farovonlikka xizmat qiladi, deb baholandi.

“Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo yetakchilari o‘zaro chuqur va keng qamrovli hamkorlikni amaldagi va kelgusidagi ikki tomonlama Kengaytirilgan Hamkorlik va Sheriklik Bitimlarining (EPCA) to‘liq amalga oshirilishi asosida yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Shu doirada, 2024 yil 25 iyun kuni Yevropa Ittifoqi va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida imzolangan EPCA bitimi mamnuniyat bilan kutib olindi. Yetakchilar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi bilan Tojikiston o‘rtasida EPCA’lar imzolanishini intiqlik bilan kutayotganliklarini bildirdilar. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi va Qozog‘istonning Viza rejimini soddalashtirish va Qaytarish to‘g‘risidagi bitimlar bo‘yicha muzokaralarni boshlash istagi qayd etildi. Bu borada muzokaralar vakolatlari bo‘yicha tegishli ichki jarayonlar yakunlangach, muzokaralar boshlanishi kutilmoqda. Yevropa Komissiyasining ushbu yo‘nalishda ko‘rgan so‘nggi choralarini mamnuniyat bilan e’tirof etdik.

Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash iqtisodiy o‘sish uchun hamda mintaqaviy va mintaqalararo savdoni rivojlantirish va diversifikatsiyalash uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqsad yo‘lida, biz strategik muloqot va barqaror iqtisodiy sheriklikni rivojlantiruvchi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi Iqtisodiy Forumi kabi iqtisodiy tadbirlarni muntazam tashkil etishga sodiqligimizni bildirdik. Bunday hamkorlik Yevropa Ittifoqining tashqi investitsiya strategiyasi – “Global Gateway” strategiyasi bilan uyg‘unlikda amalga oshiriladi. Kelgusi yillarda bu strategiya kengaytiriladi va bu orqali mintaqadan mintaqaga aloqalarning salohiyati yanada to‘liq ro‘yobga chiqariladi”, deyiladi qo‘shma deklaratsiyada.

Bildirilishicha, ko‘plab umumiy manfaatlar qatorida, strategik xususiyatga ega bo‘lgan tanlab olingan foydali qazilmalarga doir hamkorlikni kuchaytirish – barqaror, xavfsiz va diversifikatsiyalashgan ta’minot zanjirlarini ta’minlash maqsadi – alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu sammitda qabul qilingan Niyatlar Deklaratsiyasi ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada chuqurlashtiradi, iqtisodiy barqarorlikni kuchaytiradi, o‘zaro farovonlikni ta’minlaydi va “yashil” hamda raqamli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtiradi.

“Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo barqaror transport aloqalarini iqtisodiy o‘sish va mintaqaviy integratsiyaning harakatlantiruvchi kuchi sifatida mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. 2024 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan “Global Gateway” investorlar forumida Markaziy Osiyo uchun 10 milliard yevro miqdorida qo‘llab-quvvatlov va investitsiya safarbar etilishi – mintaqaviy transport yo‘laklari, logistika tizimlari, qadriyatlar zanjiri hamda o‘zaro bozorlarimizga kirishni ta’minlovchi samarali mexanizmlarni shakllantirish yo‘lida muhim bosqich hisoblanadi. Shuningdek, Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Platforma va O‘rta yo‘lak (Middle Corridor) bo‘ylab muhim infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik. Bu loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun Janubiy Kavkazdagi tinchlik va barqarorlikning muhimligi alohida qayd etildi”, deyiladi hujjatda.

Shuningdek, global haroratning ortishi, keskin ob-havo hodisalari va ekologik yemirilish fonida sayyoramizni himoya qilish – bu tanlov emas, balki zaruriyatdir. Shu bois, yetakchilar Parij kelishuvini to‘liq va samarali amalga oshirish bizdan hamjihatlikdagi harakatlarni talab etadi. Mazkur majburiyat doirasida biz iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va ifloslanishga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga kelishib oldi. Yevropa Ittifoqi barcha Markaziy Osiyo davlatlarining Global Metan Majburiyati (Global Methane Pledge)ga qo‘shilganini olqishladi.

“Suv – Markaziy Osiyoning taraqqiyoti va farovonligi uchun hal qiluvchi omildir. Uning barqaror va oqilona boshqarilishi mintaqadagi barcha davlatlar uchun hayotiy manfaat hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo yetakchilari suv-energiya sohasidagi hamkorlikda innovatsion yondashuvlarni davom ettirishga va suv resurslarini muhofaza qilish hamda undan samarali foydalanish yo‘lida ijtimoiy ahamiyatga ega amaliy choralarni kuchaytirishga kelishib oldilar. Shu doirada, yetakchilar Orolbo‘yi mintaqasi va butun Orol havzasidagi holatni yaxshilash borasidagi hamkorlikni mustahkamlash va davom ettirish zarurligini qayd etdilar. IFAS (Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi) faoliyatini takomillashtirish borasidagi harakatlar, uning samaradorligini oshirish hamda 2026 yilda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi IFAS sammitining ahamiyati alohida e’tirof etildi. Yetakchilar BMT Okean Konferensiyasiga tayyorgarlik jarayonini ko‘rib chiqib, Dushanbe suv jarayonining ahamiyatini tan oldilar. Shuningdek, 2024 yilgi One Water sammiti hamda BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror tog‘li hududlarni rivojlantirish”ga doir rezolyutsiyasi kabi xalqaro tashabbuslar e’tirof etildi”, deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo yetakchilari qonun ustuvorligi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarni ilgari surish hamda himoya qilish ikki tomonlama munosabatlarning umumiy va asosiy qadriyatlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi. Fikr bildirish va uyushmalar tuzish erkinligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati va mustaqil OAV uchun qulay muhit yaratish, inson huquqlari himoyachilarini himoya qilish, ayollar, bolalar va mehnat huquqlariga hurmat ko‘rsatish YeI-Markaziy Osiyo munosabatlarining markazida turadi. Yevropa Ittifoqi bu yo‘nalishdagi harakatlarni ham mintaqaviy, ham milliy darajada qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini yana bir bor bildirdi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo yetakchilari “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Fuqarolik jamiyati forumini muloqot uchun muhim platforma sifatida e’tirof etdi. Mazkur forum Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi maqsadlarini jamiyatlarning barqarorligi va farovonligini mustahkamlash, shuningdek, fuqarolik jamiyati ishtiroki orqali mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim vosita hisoblanadi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakilining roli Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni hamda mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi.

“Biz bugungi Samarqanddagi Sammit hamda Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi (20-yig‘in) natijalari asosida o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlarda sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldik. 

Biz O‘zbekiston hukumatiga birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo Sammitini Samarqand shahrida muvaffaqiyatli tashkil etgani uchun chuqur minnatdorligimizni bildiramiz”, deyiladi qo‘shma deklaratsiyada.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan sammit ishida Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ursula fon der Lyayen Antoniu Koshta Samarqand sammiti “Markaziy Osiyo – Evropa Ittifoqi”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing