YeI Ukrainaga yana 500 million yevro ajratilishini e’lon qildi
Olam
−
21 iyul 2022
2841Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun Yevropa tinchlik jamg‘armasidan 500 million yevro miqdoridagi beshinchi transhni Ukrainaga ajratish bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qildi. Bu haqda kecha, 20 iyul kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar xizmati rahbari Jozep Borrel ma’lum qildi.
“Ukraina bo‘yicha vazirlar darajasidagi aloqa guruhi yig‘ilishida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Ukraina qurolli kuchlarini yanada qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million yevro miqdoridagi harbiy yordamning beshinchi transhini safarbar qilishga kelishib oldilar. Yevropa Ittifoqi hamon hamkorlari bilan birga Ukrainaga yordam berishga qat’iy e’tibor qaratmoqda”, deydi Borrel.
18 may kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida bu pulni ajratish bo‘yicha siyosiy kelishuvga erishilgan edi.
Shunday qilib, 2022 yilning mart oyidan boshlab YeI Kiyevga harbiy yordam uchun 2,5 milliard yevro ajratdi. Bu pullar Ukrainaga eski – foydalanishdan chiqarilgan yoki yangi – zamonaviy qurollar yetkazib berayotgan YeI davlatlariga kompensatsiya sifatida ishlatilyapti.
Avvalroq Bryusseldagi Yevropa diplomatik manbasi xabar qilganidek, bu 2,5 milliard yevro YeI byudjetidan 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan yetti yillik YeI byudjet davri uchun ajratilgan, biroq Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati yangi mablag‘larni jalb qilish ustida ishlamoqda.
LiveBarchasi