YeI Ukrainaga 35 mlrd yevrogacha kredit beradi
Olam
−
20 Sentabr
1731Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bugun, 20 sentyabr kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 35 milliard yevro miqdorida kredit ajratishini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Taxminlarga ko‘ra, bu mablag‘lar Ukraina rasmiylariga Yevropa Ittifoqida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foizlar hisobiga yuboriladi.
“Rossiyaning uzluksiz hujumlari Ukrainaga Yevropa Ittifoqining doimiy yordami zarurligini anglatadi. Yevrokomissiya G7 majburiyatlari doirasida Ukrainaga 35 milliard yevrogacha kredit ajratadi. Bu Yevropa Ittifoqining Ukrainani qayta tiklashga qo‘shgan yana bir katta hissasidir”, deb yozdi fon der Lyayen X’dagi sahifasida.
Yevrokomissiyaning xabar berishicha, bu mablag‘lar Rossiya agressiyasi tufayli ehtiyoj sezilarli darajada oshgan Ukraina davlat byudjetini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Katta yettilik davlatlari – Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSH 2022 yilda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin Ukrainaning yeng muhim moliyaviy va harbiy yordamchilari bo‘ldi. Bu davlatlar va Yevropa Ittifoqi tomonidan muzlatilgan Rossiya aktivlari miqdori 325 milliard dollarni tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun, fon der Lyayen Ukraina poytaxtiga yo‘l olishidan oldin Yevropa Ittifoqi Ukrainaga kelgusi qishda favqulodda gumanitar ehtiyojlarni qondirish uchun yana 160 million yevro ajratishini e’lon qilgandi. Ushbu mablag‘larning 100 millioni muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushadigan mablag‘dan tushadi.
“Rossiya o‘zi keltirgan vayronagarchilik uchun to‘lashi adolatdan”, dedi Yevrokomissiya rahbari.
Yevropa Ittifoqi hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina energetika infratuzilmasining yarmiga yaqini vayron bo‘lgan, bu esa uylar, shifoxonalar va maktablarni isitishni qiyinlashtirgan.
Sara Komiljonova
LiveBarchasi