YeI Suriyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilmoqchi
Olam
−
21 may 1944 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi (YeI) davlatlarining Tashqi ishlar vazirlari Suriyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishga kelishib oldi. Bu haqda kecha, 20 may kuni YeIning Tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Bugun biz Suriyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishga qaror qildik. So‘nggi 14 yil davomida Yevropa Ittifoqi suriyaliklar bilan birga bo‘ldi va bundan keyin ham shunday bo‘ladi”, deb yozdi Kallas.
Uning bildirishicha, YeI vazirlari Suriya xalqiga “yangi, inklyuziv va tinch Suriyani tiklash”da yordam bermoqchi.
“Suriya hukumati to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga doir xavotirlar bor. Ammo, menimcha, bizda boshqa yo‘l yo‘q. Biz Yevropa Ittifoqi o‘laroq qabul qilgan qarorlarimizni jamoatchilikka yetkazish borasida unchalik natijador emasmiz. Aslida ushbu cheklovlarni bekor qilish ustida bir necha oydan beri ishlayapmiz”, deydi u.
Muvaqqat Suriya hukumatining tashqi ishlar vaziri Asad al-Shayboniy YeIga minnatdorlik bildirar ekan, bu qaror mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini aytdi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Suriya Yevropa bilan juda kam savdo qilgan. Bunga asosiy sabab 2011 yilda Asadlar oilasining o‘n yillik avtoritar boshqaruviga qarshi boshlangan qo‘zg‘olon ortidan Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan keng ko‘lamli sanksiyalar dasturi bo‘ldi. YeI sanksiyalari neft embargosini, ayrim texnologiyalarni eksport va import qilishdagi cheklovlarni, shuningdek, qat’iy moliyaviy cheklovlarni o‘z ichiga oladi.
Yevropa Ittifoqi qurol-yarog‘ va ichki repressiyalar uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan texnologiyalar bilan bog‘liq sanksiyalarni “xavfsizlik sabablari” tufayli saqlab qolishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlash va “unga ikkinchi imkoniyat berish”ga va’da berdi. Uning aytishicha, bu cheklovlar “qat’iy va falokat darajasida” bo‘lgan, ammo o‘z vazifasini bajargan.
Keyinroq esa Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan shaxsan uchrashdi. Uchrashuvda Tramp yana bir bor AQSHning Suriya bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilishini e’lon qilgan. Bu qaror Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmondan kelgan iltimosga binoan amalga oshirilgan.
Live
Barchasi