YeI Rossiyaning pullarini Ukrainaga berishni rejalashtirmoqda – FT
Olam
−
25 may 2023 4751 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiyaning muzlatilgan mablag‘laridan olingan foydani Ukrainaga berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va Yevropa Komissiyasi rasmiylari kecha, 24 may kuni dunyodagi eng yirik moliyaviy xizmatlar kompaniyasi Euroclear'da yig‘ilib, Rossiyanining aktivlari muzlatilganidan buyon uning yig‘ilgan foizlarini Ukrainaga berish masalasini muhokama qilgan.
Ukraina urushi fonida G‘arbning misli ko‘rilmagan sanksiyalari tufayli Euroclear'da Rossiyaga tegishli 196,6 milliard yevrolik (211,1 milliard dollar) aktivlar muzlatib qo‘yilgan. Bir yil davomida aktivlar yuzlab millionlab dollarlik foizlarni keltirib chiqargani sababli, hisob-kitob palatasi ushbu mablag‘larni qayta investitsiya qilgan va rasmiylar endi olingan foydani Kiyevga o‘tkazishni reja qilmoqda.
Ba’zi Yevropa rasmiylari esa shunga o‘xshash konsepsiyani muzlatilgan Rossiya aktivlarining kengroq doirasiga, jumladan, Lyuksemburgda joylashgan Clearstream hisob-kitob agentligida muzlatilgan aktivlarga nisbatan ham tatbiq etishga chaqirgan.
Moskva G‘arbning musodara qilingan aktivlarni Ukrainaga o‘tkazishga urinishlarini xalqaro huquqni buzuvchi “varvarlik” harakati hamda “o‘g‘rilik” deb atagan. Yevropa Ittifoqining iyun oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan sessiyasida Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaning urushda ko‘rgan zararini qoplash uchun sarflash masalasi ko‘rib chiqilishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G7 davlatlari Xirosimadagi sammitda Rossiyaning ushbu mamlakatlarda saqlanayotgan muzlatilgan aktivlarini Ukrainadagi mojaro hal etilmagunga qadar qaytarmaslikka kelishib olgan edi. Shuningdek, 2022 yilning noyabr oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaning yana 68 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ygandi.
Live
BarchasiRossiyada o‘z chaqalog‘ini tashlab, qochib ketgan ayol bolasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
26 dekabr
Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshida katta farq borligini aytdi
26 dekabr