G7 Rossiya aktivlarini Ukrainadagi urush tugagunga qadar muzlatib qo‘ymoqchi
Olam
−
18 aprel 2023 5885 1 daqiqa
G7 mamlakatlaridagi Rossiya davlat aktivlari Ukrainadagi mojaro hal etilmaguncha muzlatilgan holda qoladi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni Yaponiyaning Karuizava kurort shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha G7 Tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma bayonotida aytiladi.
“Biz mamlakatlarimizning huquqiy tizimlariga muvofiq, Rossiyaning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzish bilan bog‘liq mojaro hal etilgunga qadar Rossiyaning suveren aktivlarini o‘z yurisdiksiyamiz ostida muzlatib qo‘yishga qaror qildik”, deyiladi hujjatda.
Katta yettilik mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari Ukrainadagi mojaroning har qanday yechimi Rossiya tomonining yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lashi bilan ham bog‘liq bo‘lishi kerakligiga ishonch bildirgan.
Germaniya nashrlari esa Yevropa Ittifoqi advokatlari Ukrainadagi mojaro tugaganidan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining Yevropa Ittifoqida muzlatilgan aktivlari qaytarilishi kerak degan xulosaga kelganini xabar qildi. Yevrokomissiya esa ularni Yevropa davlat obligatsiyalariga investitsiya qilishni va foizlardan Kiyevga to‘lash uchun foydalanishni taklif qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning bahoridan buyon YeI Rossiyaning 300 milliard yevroga yaqin oltin-valyuta resurslarini va yana 29 milliard yevro yirik rus biznes vakillarining aktivlarini muzlatib qo‘ygan. Biroq Yevropa Komissiyasi ushbu mablag‘larni musodara qila olmagan, chunki bunday mexanizm xalqaro amaliyotda asosan mavjud emas va bunday qadam butun dunyoning G‘arb banklarida aktivlarni saqlashga ishonchini pasaytiradi.