YeI Rossiyani qo‘llayotganlarga ham dushmandek munosabat qilmoqchi
Olam
−
10 yanvar 2023
11191Yevropa Ittifoqi Rossiyaga, shuningdek, Belarus va Eron kabi Rossiya Federatsiyasiga harbiy yordam ko‘rsatayotganlarga nisbatan sanksiyalar bosimini kengaytiradi. Bu haqda bugun, 10 yanvar kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi va NATO o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanganidan keyin NATOda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Biz Kremlga qarshi sanksiyalarni kerak bo‘lgan vaqtgacha qo‘llashda davom etamiz. Shuningdek, Belarus va Eron kabi Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatayotganlarga nisbatan sanksiyalarni kengaytiramiz”, deydi u.
Yevrokomissiya rahbari Ukrainaga zarur bo‘lgan har qanday qurol-yarog‘ni yetkazib berishga chaqirdi.
“O‘ylaymanki, Ukraina o‘zi uchun zarur bo‘lgan barcha qurollarni, jumladan, ilg‘or havo mudofaa tizimlarini ham olishi kerak”, deydi u.
Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ham fon der Lyayenning fikriga qo‘shildi.
“Men bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlayman. Yevropa kengashi Ukrainaga ko‘proq yordam berishga chaqirgan”, deya qo‘shimcha qildi u.
Bugun, 10 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi va NATO ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi yangi deklaratsiyani imzoladi va uni Ukrainadagi mojaro fonida “yangi bosqichga” ko‘tardi.
LiveBarchasi