YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi
Olam
−
14 yanvar 2022
3639Yevropa Ittifoqi kecha, 13 yanvar kuni Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni yana olti oyga uzaytirdi.
“Bugun (Yevropa Ittifoqi) Kengash Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyotining ayrim tarmoqlariga nisbatan amaldagi cheklov choralarini olti oyga, 2022 yil 31 iyulgacha uzaytirishga qaror qildi”, deyiladi YeI kengashi bayonotida.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yil dekabrdagi sammitda YeI yetakchilari Moskva Minsk kelishuvlari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishni ma’qullagan edi. Blok 2014 yildan beri Moskvani Ukrainadagi beqarorlik faoliyatida ayblab, Rossiyaning moliya, harbiy va energetika sohalariga qarshi sanksiyalar joriy qilmoqda.
Kecha, 13 yanvar kuni Venada Rossiya va NATO davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda Yevropada xavfsizlikni ta’minlash va Moskvaning Ukraina chegarasida qo‘shin to‘plagani kun mavzusi sifatida muhokama qilindi. Natijada Rossiyaning AQSH va NATO bilan o‘tkazgan so‘nggi muzokaralari ham muvafaqqiyatsiz yakunlandi.
G‘arb vakillari Moskvaning Ukraina chegarasidagi xatti-harakatlari ortidan Yevropa xavfsizligiga tahdid tug‘ilishidan xavotirda ekanini ma’lum qilgan. Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa, uni jiddiy oqibatlar kutib turgani haqida ogohlantirilgan. Moskva Ukrainaga nisbatan ehtimoliy hujumlar haqidagi fikrlarni inkor qilgan va NATOni mintaqada vaziyatni izdan chiqarganlikda ayblamoqda.
So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida da’volar ilgari surilmoqda. Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, u bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.
LiveBarchasi