YeI Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tasdiqladi
Olam
−
12:48 1325 2 daqiqa
Kecha, 15 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan 20-sanksiyalar paketini qabul qildi. YeIga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari 17 nafar jismoniy va yuridik shaxsga qarshi yangi cheklov choralarini ma’qulladi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida xabar berildi.
Mazkur choralar Yevropa Ittifoqining 20-sanksiyalar paketi doirasiga kiradi va jumladan, “soya floti”ga qarshi yo‘naltirilgan. Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatiga ilk bor AQSH fuqarosi ham kiritildi.
Xususan, ro‘yxatga MGIMO xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Andrey Sushensov, Rossiya Xalqaro ishlar kengashi bosh direktori, “Valday” klubi dastur direktori Ivan Timofeyev, “Valday” munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kuzatuv kengashi raisi Andrey Bistritskiy, “Rossiya global siyosatda” jurnali bosh muharriri, “Valday” klubining ilmiy ishlar bo‘yicha direktori Fedor Lukyanov, ukrainalik jurnalist Diana Panchenko hamda Floridada ilgari sherif yordamchisi bo‘lgan Jon Mark Dugan kiritilgan. Ular “Rossiyaning internetdagi axborot operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlagani” uchun sanksiya ostida qolgan.
YeI ma’lumotlariga ko‘ra, Jon Mark Dugan 2016 yilda siyosiy boshpana so‘raganidan so‘ng Rossiya fuqaroligini olgan. Shuningdek, uch nafar Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi ofitseriga nisbatan ham cheklovlar joriy etilgan.
Bundan tashqari, sanksiyalar ro‘yxatiga Shveysariya maxsus xizmatining sobiq ofitseri Jak Bo, fransiyalik ekspert Ksave Moro hamda uchta kema qatnovi kompaniyasi – BAAga tegishli Citrine Marine SPC va Nova Shipmanagement LLC-FZ hamda Vetnamning Hung Phat Maritime Trading kompaniyasi ham kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Rossiya neftini tashiyotgani aytilayotgan 40 ta tankerini “qora ro‘yxat”ga kiritgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi